Yangi qonunlar agrar soha taraqqiyotining asosidir
Mamlakatimiz aholisining katta qismi qishloq xoʻjaligida bandligini hisobga olsak, soha taraqqiyoti uchun mavjud qonunchilikni takomillashtirish dolzarb masalalardan. Senatning navbatdagi yalpi majlisida bir qator yangi qonunlar koʻrib chiqilishi kutilmoqdaki, ularda aynan agrar islohotlar nazarda tutilyapti.
Jumladan, yangi tahrirdagi “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonun dehqon xoʻjaliklari faoliyatini tartibga solishda asos boʻladi.
Hozirda dehqon xoʻjaligiga oid munosabatlar 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solib kelinmoqda. Shunga koʻra, dehqon xoʻjaligini tashkil etish, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, mazkur xoʻjaliklarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunining yangi tahriri ishlab chiqildi.
Qonunda dehqon xoʻjaliklariga toʻgʻridan-toʻgʻri yer uchastkasini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan berish amaliyoti oʻrniga bundan keyin yer uchastkasini ijara asosida berish tizimini joriy etish kabi yangiliklar kiritildi. Bundan tashqari, yer uchastkalarini bogʻdorchilik va uzumchilik uchun ellik yil muddatga, sabzavotchilik, polizchilik uchun yoki boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirish uchun oʻttiz yil muddatga ijaraga berish ham hujjatda belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangilik — dehqon xoʻjaligi tomonidan oʻzining qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan daromadlarga soliq solinmasligidir. Endilikda nizo mavjud boʻlgan taqdirda dehqon xoʻjaligi yerlarini olib qoʻyish sud tartibida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.
Bundan tashqari, Qonunda Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining dehqon xoʻjaliklari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi vakolatlari aks ettirilgan.
“Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonun ham xalqimiz uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonun belgilangan tartibda xususiylashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalari bilan bogʻliq munosabatlarga, shuningdek, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, tomorqa xoʻjaligini yuritish tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi va tomorqa xoʻjaligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab etilmaydi.
Tomorqa xoʻjaligida qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish (qayta ishlash) boʻyicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshiruvchi shaxs aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzini oʻzi band qilgan shaxs maqomini olishi mumkin.
Qonunda tomorqa xoʻjaligi shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotini ham erkin savdo uchun, ham oila ehtiyojlari uchun yetishtirish bilan bogʻliq mehnat faoliyati ekanligi belgilab qoʻyilgan.
“Ekologik audit toʻgʻrisida”gi Qonun esa ekologik auditning asosiy prinsiplari, standartlari, ekologik auditni oʻtkazish, turdosh xizmatlar koʻrsatish va ekologik auditorlar ishining sifatini nazorat qilish tizimini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Shu bilan birga, Qonunda milliy ekologik audit standartlari ekologik auditorlik faoliyatini amalga oshirishga doir yagona talablar aniqlashtirilgan.
Ekologik auditorlik tashkilotlari ekologik auditni oʻtkazish chogʻida shartnomaga muvofiq xalqaro ekologik audit standartlarini qoʻllashi mumkin.
Qonunda ekologik auditning asosiy vazifalari ham qayd etilmoqda. Jumladan, ekologik audit subyekti amalga oshiradigan xoʻjalik faoliyatining va boshqa faoliyatining ekologik jihatlari toʻgʻrisidagi ishonchli axborotni toʻplash shular jumlasidan. Bundan tashqari, ekologik audit subyekti faoliyatining atrof-muhit holatiga taʼsirini baholash, atrof-muhitning ifloslanishi bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi xavfini kamaytirish kabilar ham hujjatda batafsil belgilanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonunlarni hayotga tatbiq etish natijasida, yer uchastkalari dehqon xoʻjaliklariga ijara huquqi asosida berilishi, shuningdek, ushbu yerlarda qonunga xilof ravishda qurilishlar amalga oshirilishi, dehqon xoʻjaliklariga ajratilgan yer uchastkalarining noqonuniy yoki turli bahonalar bilan olib qoʻyilishining oldini olishga, yerga boʻlgan huquq kafolatlarini yana-da kuchaytirishga erishiladi.
Ayni chogʻda, tomorqa xoʻjaligidan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyiladi hamda shaxsiy tomorqa yer egalari va ularning oila aʼzolarining ijtimoiy-iqtisodiy holati yaxshilanadi.
Bundan tashqari, atrof-muhitning ifloslanishining oldini olish, tabiatni muhofaza qilish, ekologik audit subyektining xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi huquqlari kuchaytiriladi.
Risqul SIDDIQOV,
Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari,
Furqat OCHILOV,
qoʻmita masʼul xodimi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring