Yangi Qonun xalq manfaatlariga xizmat qiladi
Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi yalpi majlisida aholi turmush farovonligini yana-da yaxshilash maqsadlariga qaratilgan bir qator masalalar muhokama qilingan edi. “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Qonuni shular jumlasidandir. Prezidentimiz ushbu Qonunni imzoladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 22-apreldagi “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilab berilgan vazifalar mazkur Qonunda oʻz aksini topgan.
Qonun bilan shu vaqtga qadar amalda boʻlgan “propiska” soʻzi olib tashlandi. Sababi, u maʼnaviy eskirgan atama boʻlib, “toʻsqinlik qiluvchi”, “bir joyga bogʻlanish”, “erkinlikni cheklovchi” kabi tushunchalarni keltirib chiqarayotgan edi. Endilikda “doimiy propiska” degan soʻzlar “yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” soʻzlariga almashtirildi.
Yana bir jihat, fuqarolar birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat oʻzi yashab turgan, balki egaligida boʻlgan boshqa uy-joy maydoniga doimiy roʻyxatga qoʻyish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda, “propiska”ni yoʻqotish boʻyicha qoida bekor qilingan. Endilikda er-xotinga nikohdan oʻtgan kunning oʻzida yashash joyi boʻyicha doimiy roʻyxatga qoʻyish huquqini beradi. Bu esa oila degan muqaddas qoʻrgʻonning mustahkamlanishiga yana bir huquqiy asos boʻldi.
Shu bilan birga, lavozim boʻyicha respublikaning boshqa hududlariga ishlash uchun ketib, doimiy roʻyxatdan chiqqanlarga qaytadan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy roʻyxatga olish imkoniyati berildi. Bu esa, oʻz navbatida, barcha hududlarning birdek rivojlanishiga yaxshi samara beradi, desak mubolagʻa emas.
Yana bir jihat, Oliy Majlis palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan soʻng, ular boshqa ishga oʻtishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi boʻyicha doimiy roʻyxatdan chiqarilishga olib kelishiga oid qoida chiqarib tashlangan.
Shu bilan birga, mazkur Qonunga yangi band ham kiritildi. Unga koʻra, davlat hokimiyati organlarida, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq boʻlgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining maʼlumotnomasiga koʻra, shuningdek, ularning oila aʼzolariga doimiy roʻyxatga turish imkoni berildi.
Muxtasar qilib aytganda, mazkur Qonunning qabul qilinishi yillar davomida qiynalib kelayotgan koʻplab yurtdoshlarimiz oilalariga xursandchilik olib kirishi bilan bir qatorda ularning erkin koʻchib yurish sohasidagi huquqlarini yana bir bor mustahkamlaydi.
Farhod BOQIYEV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring