Yangi Qonun bilan qanday oʻzgartishlar kiritilmoqda?

16:31 20 Noyabr 2020 Siyosat
1066 0

Senatning toʻqqizinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham muhokama markazida boʻldi.

Mazkur hujjat bilan bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali bunday huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy burchiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartishlar qayd etilmoqda.

Bugungi kunda amaliyotda, koʻplab fuqarolar, shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan xonadonlarda yoki tashkilotlarda hosil boʻlayotgan maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga, shu jumladan, avtotransport vositalari yordamida chiqarib tashlash holatlari yildan yilga ortib borayotganligi achinarli hol.

Bundan tashqari, soʻnggi yillarda respublikamizda turli soha va tarmoqlarda, shuningdek, shaxsiy uy-joylarda qurilish va taʼmirlash ishlarining koʻlami nihoyatda kengayganligi munosabati bilan mamlakat miqyosida katta miqdorda qurilish chiqindilari hosil boʻlmoqda.

Shu munosabat bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksdagi belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni toʻkish bilan bogʻliq jarima miqdorlarini oshirish, shu bilan birga, moddaning tegishli qismiga huquqbuzarlikni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilish belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi orqali fuqarolarning ekologiya va atrof-muhitni asrash borasidagi masʼuliyatini yana-da oshirishga hamda mamlakatdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga erishiladi.

Bundan tashqari, mazkur Qonun bilan “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonunga ham oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Xususan, tugatilgan tashkilotlar arxiv hujjatlarini tegishli arxivlarga, shu jumladan, nodavlat arxivlarini ham istisno qilmagan holda topshirish bilan oʻzgartirilmoqda.

Shu bilan birga, davlat arxivlari binolarini arxivlar tasarrufidan chiqarish normasi qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonunning hayotga tatbiq qilinishi jamiyatimizning koʻpgina sohalariga ijobiy taʼsir qiladi. Xususan, mazkur Qonun maktabgacha taʼlim tizimini muvofiqlashtirish, jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqaruv tizimini yana-da takomillashtirish, daraxtlar va boshqa oʻsimliklarni gʻayriqonuniy nobud qilinishining oldi olinishi, chiqindilarni tashlashni tartibga solish orqali fuqarolarning atrof-muhitni asrash borasidagi masʼuliyatini yana-da oshirishga hamda ekologik vaziyatni yaxshilash, yer osti boyliklari bilan ishlashni tizimlashtirish, hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirishni yana-da soddalashtirilishida dasturilamal boʻladi. Shuningdek aholining ishsiz qatlamini ish bilan taʼminlash, davlat va nodavlat arxivlarida hujjatlar bilan sifatli ishlanishi, giyohvandlik bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida kannabis oʻsimligini yetishtirish va muomalada boʻlishi sohasining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер