Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy nazorat usullari joriy etilmoqda
Yangi Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida olib borilmoqda. Buning birinchi qadami sifatida mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida qabul qilingan 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining bevosita aholimiz, fuqarolar bilan maslahatlashgan holda, ularning taklif va tavsiyalari asosida qabul qilinganligida koʻrishimiz mumkin.
Shu asnoda davlat idoralarining fuqarolar bilan muloqotini yoʻlga qoʻyish borasida qator muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, davlat idoralarida jamoatchilik kengashlari oʻz faoliyatini boshladi, fuqarolik jamiyati institutlariga subsidiya va grantlar uchun ajratiladigan mablagʻ uch yil ichida qariyb uch baravarga oshirildi, nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy grantlarni olishi va tadbirlarni oʻtkazishi bilan bogʻliq qator toʻsiqlar bekor qilindi. Barcha muhim qarorlarni, shu jumladan, qonunlar, farmonlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni faqatgina jamoatchilik muhokamasidan keyingina qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Biroq, tan olish kerakki, bugungi kunda davlat idoralari va muassasalarining fuqarolar va keng jamoatchilik bilan konstruktiv muloqot va oʻzaro hamkorligi darajasini yuqori deya olmaymiz. Masalan, davlat idoralari huzurida tashkil etilgan jamoatchilik kengashlari tomonidan 2019-yilda birorta ham jamoatchilik eshituvlari oʻtkazilmagan, jamoatchilik nazorati tadbirlari amalga oshirilmagan, fuqarolarni tashvishlantirayotgan masalalar va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan davlat idoralari rahbarlari va yuqori instansiyalarga taqdimnomalar kiritilishi kuzatilmagan edi.
Jamoatchilik nazoratining yangi, zamonaviy usullarini joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida 2018-yilda “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganligiga qaramay, jamoatchilik nazoratining tizimli va samarali mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan edi. Masalan, bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingdan ziyod NNTlar faoliyat olib borishiga qaramay, 2019-yilda bor yoʻgʻi 800 ta monitoring tadbirlari amalga oshirilgan. Shu bilan birgalikda, bunday faoliyatni amalga oshirgan nodavlat tashkilotlar monitoring natijalarini qaysi tashkilotga kiritishi mumkinligi ham mavhum edi.
Yuqoridagi muammolarning hali-hanuz oʻz yechimini topmayotganining eng asosiy sababi – sohadagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi, mavjud muammolarni doimiy ravishda kun tartibiga olib chiquvchi, ilgʻor va samarali yondashuvlarni ilgari suruvchi masʼul tuzilmaning mavjud emasligida edi.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni yuqorida sanab oʻtilgan mummolar, sohada mavjud boʻlgan boʻshliqlarni toʻldirishi barobarida, fuqarolar, jamiyat va davlatning oʻzaro yaqin hamkorligini oʻrnatish hamda davlat organlari va muassasalari faoliyatining hisobdorligi, ochiqligi va shaffofligiga erishishga xizmat qiluvchi muhim, tarixiy hujjat boʻldi.
Chunki, mazkur Farmon asosida tashkil etilayotgan Jamoatchilik palatasi davlat va jamiyat saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy, demokratik hamda ochiq-oshkora maydon sifatida bir qator ustuvor yoʻnalishlarda faoliyat olib borib, davlat va jamiyat boshqaruviga ijobiy oʻzgarishlarni olib kiradi:
Birinchidan, davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yana-da jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarining birlashuvi va ijtimoiy manfaatlar murosasiga erishiladi.
Ikkinchidan, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtiroki faollashib, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining zamonaviylashuvi tabiiy amalga oshadi.
Uchinchidan, aholi fikrini tizimli oʻrganib borish, joylarda va sohalarda aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini hamda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, hamda ularning yechimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalariga va Hukumatga tavsiyalar kiritilishi – qonun ijodkorligida xalqchillik tamoyilining ustuvorligiga erishiladi.
Toʻrtinchidan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini oʻrganish tizimi yaratiladi, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha muqobil hisobotlar eʼlon qilish amaliyoti joriy qilinadi.
Beshinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy va samarali hamkorligi tizimli yoʻlga qoʻyiladi.
Oltinchidan, jamoatchilik nazorati mexanizmlarining kuchaytirilishiga erishiladi – “jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik monitoringi” kabi taʼsirchan zamonaviy nazorat shakllarini amalda joriy etila boshlaydi.
Umuman olganda, mamlakatimiz Rahbari tomonidan imzolangan ushbu muhim hujjat “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish uchun muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Mazkur hujjat shubhasiz, “Adolat” sotsial demokratik partiyasining saylovoldi dasturidagi ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlgan Xalq nomidan, xalq uchun va xalq manfaatlari yoʻlida xizmat qiladigan adolatli jamiyat qurish vazifasini yana-da samarali amalga oshirishga, pirovardida, qabul qilinayotgan qonunlar va ularning ijrosi yuzasidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga, soʻz va axborot erkinligini taʼminlashga xizmat qiladi. Zero, shaffoflik, oshkoralik va ochiqlik – adolatli fuqarolik jamiyatining muhim shartidir.
Narimon UMAROV,
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring