“Yangi Oʻzbekiston” massivida qurilish ishlari jadal davom etmoqda
Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Doʻstlik tumanining Chinobod mahallasi hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 50 ta koʻp qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu orqali zamonaviy infratuzilma va barcha qulayliklar ega turarjoylar majmuasi barpo etilmoqda.
Oʻtgan yili massivda 8 ta koʻp qavatli uylar foydalanishga topshirildi. 140 dan ortiq oilalar yangi xonadonga ega boʻldi. Joriy yilda yana 6 ta koʻp qavatli uy qurilishi jadal surʼatda olib borilmoqda.

“Yangi Oʻzbekiston” massivining barpo etilishi aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish bilan birga, ularning turmush tarzida ham ijobiy oʻzgarishlarni yaratib bermoqda. Zamonaviy infratuzilma, xavfsiz va ozoda muhit, bolalar uchun qulay maydonlar — bularning barchasi yangi mahallada hayot sifatini sezilarli darajada oshiradi.
Massivdagi barcha qurilish ishlari zamonaviy arxitektura talablari va milliy anʼanalar uygʻunligida olib borilmoqda. Uylar atrofida bogʻlar, bolalar maydonchasi, avtoturargoh hamda 120 oʻrinli zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻladi. Ish oʻrinlari sonining oshishi, tadbirkorlik faoliyatiga yaratilayotgan keng imkoniyatlar tuman aholisining iqtisodiy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

“Yangi Oʻzbekiston” massivi nafaqat yangi turarjoylar, balki aholi uchun munosib sharoitga ega yangi mahalla sifatida shakllanib, inson qadri, ularning orzu-umidlari, hayot tarziga boʻlgan eʼtibor amalda oʻz samarasini namoyon etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring