“Yangi Oʻzbekiston mahallalariga yangi kitoblar tuhfa qilamiz”    

16:13 07 Sentyabr 2023 Jamiyat
622 0

Buxoroda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Yangi Oʻzbekiston mahallalariga yangi kitoblar tuhfa qilamiz” shiori ostida “Kitoblar karvoni” tadbiri oʻtkazildi.

Dastlab Buxoro davlat tibbiyot instituti muhtasham zalida mazkur institut jamoasining izlanishlari mahsuli sanalgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Marosimga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etishdi.

— Ushbu “Kitoblar karvoni”ni birinchi boʻlib Buxoroda oʻtkazishimizning boisi bor, — dedi tadbirda soʻz olgan “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi, psixologiya fanlari doktori, dotsent Hasanboy Abdusamatov. — Buxoro azal-azaldan ilmu maʼrifat beshigi boʻlib kelgan. Bu yerda tavallud topgan buyuk mutafakkirlar, olimu fuzalolar dunyo tamadduniga benihoya katta hissa qoʻshishgan. Bevosita institutimiz faoliyati haqida toʻxtaladigan boʻlsak, jamoamiz jamiyatimiz hayotida dolzarb boʻlib turgan masalalar yuzasidan izchil ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda. Shu izlanishlar natijasida kitoblar, qoʻllanmalar yuzaga kelyapti.

“Gender tadqiqotlari, gender tahlili, monitoring va baholash”, “Oilalar barqarorligiga mehnat migratsiyasining taʼsiri”, “Mehnat migratsiyasiga joʻnab ketgan ota-onalarga eslatma” kabi kitoblar shular jumlasidan. Ularni mutolaa qilgan kishi oʻzini oʻylantirib kelgan masalalarga, savollarga javob topadi. Bu adabiyotlar ayol va erkakning jamiyat va oiladagi burchi, majburiyatlarini anglatishga, migrant sifatida xorijga yoʻl olayotgan yurtdoshlarimizning huquqiy bilimini oshirishga, dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi.

Aytish joizki, institut olimlari va manfaatdor tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda 55600 nusxada 8 turdagi ilmiy-ommabop risola, uslubiy qoʻllanma, monografiya va boshqa adabiyotlar nashr etildi. Shu kitoblarning 6 mingtaga yaqini Buxoro viloyati mahallalariga bepul tarqatilmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер