Yangi masjid qurishga ruxsat berildi

09:23 28 May 2021 Jamiyat
1575 0

Masjidlar Alloh taologa eng mahbub maskanlardir. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Shaharlarning Allohga eng mahbub joyi — masjidlaridir” (Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar. Chunki masjidlarda Alloh taologa ibodat qilinadi, U zotga zikrlar aytiladi, tasbehlar tushiriladi.

Ana shunday maʼvolardan biri Toshkent viloyati Angren shahridagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Ohangaron va Baxt koʻchalari chorrahasida barpo etilishi rejalashtirildi. Barcha qulayliklarga ega boʻladigan bu jome masjid Toshkent bilan vodiy viloyatlarini bir-biriga bogʻlovchi A-373 xalqaro avtomobil yoʻli boʻyida 0.70 gektar maydonda barpo etilayotgani yurtimizning ham ichki, ham xalqaro sayyohlik salohiyatini yana-da mustahkamlaydi.

Masjidlar Alloh taoloning Yer yuzidagi uylaridir. Ular yer yuzidagi eng pokiza makonlardir. Minoralardan azon sadolari yangraydi, tavhid kalimalari takrorlanadi. Masjidlar uzra rahmatlar yogʻiladi, masjid ahlini sakinat oʻrab oladi, masjid ahlining ustiga barakalar yogʻiladi.

Masjidlar maʼrifat maskanidir. Saodat asrida elchilar masjidlarda kutib olingan. Turli mamlakatlarga musulmon elchilar masjidlardan tarqalishgan. Alloh taolo masjidlarni shirk va kufrdan toza saqlab, bunday marhamat qiladi: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qoʻshib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz!” (Jin surasi, 18-oyat).

Masjidlar obodligi toat-ibodat bilan, zikrlar, tasbehu tamhidlar ila boʻladi. Alloh taolo Qurʼonda karimda: “(U) bir uylardaki, Alloh ularning koʻtarilishiga va ularda Oʻz ismi zikr qilinishiga izn bergandir. Ularda Unga ertayu kech tasbeh ayturlar» deb marhamat qilingan (Nur surasi, 36-oyat).

Dinimiz bizlarni masjidlar qurishga va ularni obod etishga chaqirgan. Bu ishni jannatga olib boradigan va Allohning rizosiga erishtiradigan yoʻl deb eʼlon qilgan: «Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga oʻshaning mislini qurib beradi», (Imom Buxoriy rivoyati).

Moʻmin kishi Alloh taoloning uylarini obod qilishga, u yerda namoz oʻqib, maʼnaviy fayzli qilishga urinar va qalbi doimiy masjidlarga bogʻliq ekan, ikki dunyo baxtu saodatiga, xayru barakasiga erishajak, inshoalloh.

Angren, Chirchiq va Olmaliq shaharlari hamda viloyatimizning boshqa hududlaridagi masjidlarni barpo etilishiga oʻzining hissasini qoʻshayotgan saxovatpesha moʻmin-musulmonlarga Rabbim jannatlardan Oʻzi vaʼda qilgan qasrlarni nasib aylasin.

Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер