Yangi, keng va zamonaviy maktabda tahsil olishga ne yetsin
Ayni paytda Uchkoʻprik tumanida 56 ta umumtaʼlim maktabi faoliyat koʻrsatadi. Barkamol avlod orzusi yoʻlida olib borilayotgan ezgu saʼy-harakatlar doirasida keyingi yillarda tumandagi taʼlim muassasalari faoliyati zamonaviy mezonlar asosida yangilanib bormoqda.

2023-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 1982-yilda qurilgan va moslashtirilgan binoda faoliyat yuritib kelayotgan tumandagi 46-umumtaʼlim maktabida keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Boisi bugungi kunda 220 oʻringa moʻljallangan ushbu taʼlim maskanida 856 nafar oʻquvchi ikki navbatda taʼlim olayotgani turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi.
Dastur asosida maktab uchun 330 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilib, mavjud 220 oʻrinli oʻquv binosi mukammal taʼmirlandi. Ezgu tashabbus ijobati uchun davlat byudjetidan 6 milliard 200 million soʻm mablagʻ sarflandi.

— Bu yilgi rejaga koʻra, 1 ta maktabda mukammal taʼmirlash, 3 ta bilim dargohida kapital taʼmirlash ishlarini olib borish koʻzda tutilgan, — deydi Uchkoʻprik tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Xurshidjon Maxsudov. — Natijada mazkur taʼlim muassasalarida oʻqish jarayoni toʻliq bir navbatda tashkil etiladi. Bu taʼlim sifati va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring