Yangi yilingiz qutlugʻ boʻlsin!

13:37 30 Dekabr 2019 Jamiyat
2088 0

Muqaddas dinimiz koʻrsatmalarida sharʼiy masalalarda tashabbus koʻrsatish huquqi faqat va faqat ulamolarga berilgan. Afsuski, bugun“tashabbuskor johillar” koʻpayib ketdi. Internet ularga shunday “imkoniyat” yaratib beryapti. Ularning mavsumiy fitnalari maʼlum va bu borada diniy va dunyoviy bayramlarning ular uchun ahamiyati yoʻq. Ramazon hayiti arafasida yuraklar bezillab turadi. Sababi, Oʻzbekistonda hayit kuni belgilangancha, odatda, johil mutaassiblar Ramazonning 30-kunida bugun Arabistonda hayit ekan, deb barchani ogʻiz ochishga va hayitni bir kun ilgari nishonlashga daʼvat qilib, toʻs-toʻpolon chiqarishga harakat qiladilar. Yangi yil arafasida ham shu ahvol. Har yili dekabr oxirlaganda internet maydonida yana fitnaga sabab boʻluvchi chiqishlar kuzatila boshlaydi. Tabiatidan shov-shuvga oʻch, ulamolar fatvosi va bu boradagi qatʼiy hukmlarni tan olishga mutlaqo xohishi boʻlmagan, yuzaki bilimlarga suyanib olgan toifalar goʻyoki oʻzlarining sharʼiy qarashlarini ilgari sura boshlaydilar. Eng achinarlisi bu yondashuvlar islomga, moʻmin-musulmonlarga, islomda fatvo berish huquqi boʻlgan ulamolarga, muftiylarga, shayx — ul — islomlarga tegishli emas!

Bunday johil kimsalar uchun nazarimizda SHOV-SHUV MUHIM! Odamlar orasida ixtilof, ziddiyat qanchalik koʻp boʻlsa, ular shunchalik jazavaga tushib, oʻz aqidalarini ilgari suraveradilar.

Ularning maqsadlari fitna, beqarorlik, ixtilof, ziddiyat, alal-oqibat xalq orasida ziddiyat keltirib chiqarishdan boshqa narsa emas.

Aslida dunyoviy-demokratik davlatda yashayotgan musulmon kishi shu davlatda qabul qilingan qoida va meʼyorlarga amal qilishi, ularga hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlishi darkor.

Islom ulamolari musulmon kishi oʻzi yashayotgan davlat qonunlariga boʻysunishi va davlat rahbariga itoat qilishi vojibligiga ittifoq qilganlar. Hanafiy mazhabi, moturidiya taʼlimotining moʻtabar manbalarida, xususan, aqida va kalomga oid kitoblarda ishboshilar, rahbarlarga boʻysunish lozimligi masalasi ochiq bitilgan. Masalan, “Tahoviy aqidasi” kitobida “Ishboshilarga boʻysunishni Allohga boʻysunish deb bilamiz” deyilgan.

Yangi yil, dunyoning turli mamlakatlarida milodiy taqvim boʻyicha nishonlanadigan bayram boʻlib, odatda bir taqvim yilining tugab, keyingisining boshlanishi sifatida qabul etiladi.Buning biror dinga aloqasi yoʻq. Uni din bilan bogʻlashning oʻzi mantiqsizlikdir.

Bugun yurtimiz musulmonlari internet maydonidagi kelib chiqishi nomaʼlum johillarga emas, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy izdoshlari boʻlgan Oʻzbekiston ulamolarining fatvolariga, islomshunos olimlar qarashlariga ergashib fitnalarning oldini olishi,mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashi har qachongidan ham muhimdir.

Yangi yilingiz qutlugʻ boʻlsin!

Saidafzal Saidjalolov

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер