Yangi Angren IES: 2025-yilning 1-yarim yilligida atmosferaga tashlanmalar me’yordan oshmagan
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasida (IES) o‘rganish ishlari olib borib, 2025-yilning 1-yarim yilligida atmosferaga tashlangan zararli moddalar belgilangan me’yordan oshmaganini tasdiqladi.
Avvalroq stansiyada mavjud chang-gaz tozalash uskunalari yetarlicha samarali ishlamagani sababli Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi qaroriga asosan kompensatsiya hisob-kitob qilingan va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi.
Yangi Angren IES Toshkent viloyatining sharqiy hududlari hamda Farg‘ona vodiysini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yirik energoinshoot bo‘lib, yiliga 5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu miqdor qariyb 2 mln xonadonni elektr bilan ta’minlash imkonini beradi.
Stansiyada Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan belgilangan atmosfera havosiga chiqarilishi mumkin bo‘lgan ifloslantiruvchi moddalar kvotasi qo‘llanmoqda. O‘rganishlarga ko‘ra, 2025-yilning 1-yarim yilligida amaldagi tashlanmalar belgilangan cheklovdan oshmagan.
Ayni vaqtda stansiyada ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish samaradorligini oshirish bo‘yicha 2028-yilgacha mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda. Shu doirada elektr filtrlarining mukammal va joriy ta’miri bajarilib, ularning samaradorligi 84 foizdan 96 foizga oshirildi.
Kelgusida qozon qurilmalarini ta’mirlash va ularga zamonaviy elektr filtrlari o‘rnatish orqali atmosferaga tashlanadigan chiqindilarni yanada kamaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” asosida belgilangan chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring