Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir
Bir ezgu amal bor: koʻngillarni koʻtarib, dillarni yayratadi, odamlar oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibatni mustahkamlab, yuzkoʻrishmas boʻlib ketganlar kishilarni yarashtiradi, jamiyatda tinchlik-totuvlikni taʼminlaydi. Bu – xayru saxovatdir.
Alloh taolo: “Alloh yoʻlida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli goʻyo bir donga oʻxshaydiki, u har bir boshogʻida yuztadan doni boʻlgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yana-da koʻpaytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat), deb marhamat qiladi.
Ayni kunlarda «Vaqf xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan saxovat tadbirlarini amalga oshirishga oʻz hissalarini qoʻshayotgan barcha aziz yurtdoshlarimizni Buyuk Rabbimiz oyati karimada tavsiflab qoʻygan. Yaʼni bizning birgina xayrli ishimiz xuddi bir dondan boshoqlar unib chiqqani kabi ajrlarimiz ham koʻpaytirib beriladi.
Darhaqiqat, uch kundan beri qilinayotgan qurbonliklar, xayru saxovat tadbirlari natijasida qanchadan-qancha muhtoj oilalarga xursandchiliklar ulashilganini taʼriflash mushkul.
Imom domlalar kam taʼminlangan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga moddiy yordam berishda kamarbasta boʻlib, hazrat Alisher Navoiyning «Muruvvat – barcha bermakdir, yemak yoʻq, Futuvvat – barcha qilmakdir, demak yoʻq» soʻzini oʻzlariga shior qilib olishdi.
Poytaxtimizdagi 1-, 2-, 21- va 30-sonli “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanayotgan yurtdoshlarimizning koʻngillariga olib kirilgan iliqlikni ularning yuz-koʻzlaridan, shodu xurramliklaridan bilib olish mumkin.
Ikki kun davomida Toshkent shahrining oʻzida Qurʼoni karim 170-marta xatm qilingani, duoyu iltijolarimizda Yaratgandan soʻralgan tilaklar, albatta, ijobat boʻlgay, inshoalloh.
Parvardigor: «Rabbingizdan (boʻluvchi) magʻfiratga va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qoʻyilgan jannat sari (solih amallar qilish bilan) shoshilingiz! Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qiladigan, gʻazablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron surasi, 133–134-oyatlar), deb marhamat qiladi.
Hadisi sharifda esa: “Saxovat – bir daraxt. Uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi. Baxillik ham bir daraxt., uning ildizlari doʻzaxda, shoxlari yer yuziga boʻladi. Uning shoxidan ushlaganlarni oʻz domiga tortadi”, deyilgan.
Muxtasar aytganda, bugun amalga oshirilayotgan saxovat tadbirlari yurtimizga fayz, baraka olib keladi.
Abuduqahhor YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi oʻrinbosari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring