Yaxshilar bor yaxshiyam...
Dunyoda yaxshilar bor – yaxshilik bor. Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Bunyodkor” mahallasida yashovchi Ergash Sodiqov yaqinda ham savobli, ham xayrli, eng muhimi, koʻpchilik oʻrnak olishi kerak boʻlgan ishga qoʻl urdi. Oʻzga yurtlar sayohatini emas, bir koʻngil ziyoratini ado etdi.
Gap shundaki, mahalladoshi boʻlgan H. Shamsiboyeva maktabda farrosh boʻlib ishlaydi. Uning voyaga yetmagan qiziga yurak yetishmovchiligi tashxisi qoʻyilgan. Davolash uchun jarrohlik amaliyoti zarur.
Ehtiyojmandlarga yordam qoʻlini choʻzishni insoniy burchi deb bilgan Ergash ota shaxsiy jamgʻarmasidan xayriya qildi. Ehtimol, bu mablagʻ jarrohlik amaliyoti uchun yetarli emasdir, ammo arqonga qil mador boʻlganidek, ogʻir kunda shu ham bir koʻmak. Qolaversa, “mahalla yettiligi” belgilangan tartibda moddiy yordam ajratish chorasini koʻrmoqda.
Ergash Sodiqov kabi qoʻli ochiq yurtdoshlarimizni koʻrib, ular qatorida hazrati insonlarning koʻngil ziyoratiga otlanayotganini eshitib, “Yaxshilar bor yaxshiyam...” deya ezgu amallar yanada bardavom boʻlishiga umid qilamiz.
Otabek ISROILOV
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring