Yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan parlament soʻrovi yuborildi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan yuzasidan Hukumatga parlament soʻrovini yuborish masalasi koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, yaylovlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlib, mintaqamizda ekologik muvozanatni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, chorvachilikni rivojlantirish hamda aholining turmush darajasini yaxshilashda asosiy tabiiy manbalardan biri hisoblanadi.

Shu sababli yaylovlarning tabiiy sharoiti, konturlari, tuprogʻi, ulardagi oʻsimliklar xilma-xilligi, miqdori va suv bilan taʼminlanish darajasini yaxshilash talab etilmoqda.
Bugungi kunda 4,2 mln gektar yaylovda geobotanik tadqiqotlar oʻtkazilib, degradatsiyaga uchragan maydonlarning xaritalari tayyorlangan hamda 420 ming gektar degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash va yaxshilash boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Suv bilan taʼminlanmagan 144 ming gektar yaylovda chorva mollarini boqish imkoniyati yaratilgan. 2022–2023-yillarda shaxtali va tik quduqlar qazish, nasos stansiyalarini yangidan qurish hamda rekonstruksiya qilishga 40 mlrd soʻm miqdorida subsidiya mablagʻlari ajratilgan.
Senatorlar olib borilayotgan ishlar bilan bir qatorda yaylov yerlaridan samarali foydalanish, ularni nazorat qilish va degradatsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ayrim hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar dolzarbligicha qolayotganligini taʼkidladi.

Jumladan, respublikaning 21 mln gektar maydonini (umumiy yer maydonining 47 foizini) egallagan yaylovlarning 50 foizidan ortigʻi turli darajada inqirozga uchraganligi, 11 mln gektar yaylovning tabiiy ravishda yem-xashak hosil qilish salohiyati pasayib, yaroqsiz holatga kelib qolganligi taʼkidlandi.
Yaylovlarda chorva mollarini almashlab boqish tizimi yetarli darajada joriy etilmaganligi va chorva mollari sonining keskin ortganligi bois yaylov yerlari katta bosim ostida qolgan. Buning oqibatida ozuqabop yem-xashak oʻsimlik turlari siyraklashib, yoʻqolib ketish darajasiga yetganligi qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, yaylovlardagi oʻsimliklar qoplamining hozirgi holati va degradatsiya jarayonlarini, yaylovlarning xoʻjalik imkoniyatlarini oʻrganish va shu asosda yaylovlardan oqilona foydalanish tizimini ishlab chiqish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmayapti.
Sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilmaganligi bois kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Choʻl va yarim choʻl hududlarida ixota daraxtzorlarini barpo etish, inqirozga uchragan yaylov maydonlarini qayta tiklash ishlari amalga oshirilmaganligi tufayli shamol taʼsirida tuproq eroziyasi kuchayib, chang-toʻzonlarning hosil boʻlish jadalligi ortib bormoqda.
Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Hukumatga parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida Senatning qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring