Yagona tarix, umumiy kelajak, barqaror yuksalish qon-qardoshligimizning ulug‘ maqsadlariga xizmat qiladi

15:05 15 Mart 2018 Madaniyat
3386 0
Foto: Tengri MIX

Mamlakatimizning qo‘shnilari oddiy emas: qon-qardosh, jon-jondosh qo‘shnilar. Tarixlarni birga yaratganmiz, madaniyatlarni birga qurganmiz. Qaysi tilda gaplashmaylik, kundalik muloqotlar qilmaylik — hamisha bir-birimizni to‘la tushunganmiz: chunki biz so‘zlashib kelgan til og‘a-inilar tili, bu og‘a-inilikka yuraklarimizni og‘ushta qilganmiz.

Zero, qon-qardoshni qadrlasak, ardoqlasak, Janubda, Shimolda, Mashrig‘u Mag‘ribda ham barchamizni ardoqlashlarini, jahon siyosati maydonida, uning ma’naviyat va ma’rifat o‘ramlarida bizni yoqlashlarini yaxshi anglaymiz. Maxtumquli, Ahmad Donish, Berdaq, Chingiz Aytmatov, Abay Qo‘nonboyev so‘zlari bizga xuddi Navoiy, Cho‘lpon so‘zidek moyday yoqadi. Ularning olamshumul insonparvarliklaridan ko‘nglimiz yuksaklarga ko‘tariladi, ularning so‘zlari bizga kimligimiz, qayerdan kelayotganligimiz, dunyo xalqlari qatorida qanday o‘rin tutganligimiz hamda tutajagimizni anglatadi va ulug‘ kelajakdan darak-mujdalar aytadi. Bular qanday dengizlar axir! Bular qanday serob-serhayot daryolar axir!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mana shularni yurakdan his qiladi, shuning uchun zamonamizning katta siyosatiga ularni hamohang-og‘ushta qiladi. Siyosat harakatdagi reallikka aylanadi. Siyosat, iqtisod, ijtimoiylik, madaniyat, tarix birlashib yagona qudratli kuch kabi tarix sahnasiga chiqadi. Zero, bularni hech qachon bir-biridan ajratib bo‘lmaydi, ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Abay Qo‘nonboyevni biz xuddi ozodlik jarchisi va fidokori Behbudiy kabi anglaymiz va e’zozlaymiz. Ularning erk hamda insonparvarlik, milliy ravnaq g‘oyalari biz uchun doim tirik va doim jamiyat maydonlarida harakatda.

Biz Prezidentimizning 2018 yil 13 martda imzolangan “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarorini, uning teran mazmun-mohiyatini qon-qardoshligimizning ulug‘ maqsadlariga xizmat qiladi deb angladik: yagona tarix, umumiy kelajak, barqaror rivojlanish hamda taraqqiyot mana shulardan hosil bo‘ladi. Uning ildizi shu qadar chuqur!

Abay Qo‘nonboyev qardosh qozoq xalqining ajoyib va tengsiz bir adibi, shoiri, ma’rifatparvari, takrorlanmas donishmand mutafakkiridir. U qirq yoshida o‘zining xalq hayotidagi o‘rnini shunday tansiq so‘zlarda ifodalagandi: “Qozoqqa shirin-shirin o‘lan ayttim, O‘landa hech kim menga teng kelmadi, Lekin qadrim topolmay yig‘ladim jim, O‘zim yuksaklarga qanot qoqtim”...
Abay XIX asrning ikkinchi yarmidan to XX asrning to‘rtinchi yiligacha qozoq hamda qardosh turkiy xalqlarni ma’rifatli, madaniyatli, erkli va ilg‘or xalqlarga tenglashishi yo‘lida jonini ayamay ter to‘kdi. U xalqni orqaga tortadigan kuchlar hamda ijtimoiy hayotiy, ruhoniy hodisalarni aniq bilgan va tasavvur qilganidek, xalqni ozodlik sari, taraqqiyot sari yetaklaydigan kuchlar va g‘oyalarni ham aniq tasavvur qilar, anglar va shularni chin ma’noda ro‘yobga chiqarish uchun jonbozlik qilardi. Abay “ko‘kragida o‘ti bor o‘yli odam” uchun umr bo‘yi kurashdi. Ijodi, barcha o‘tli so‘zlarining bosh ma’no-mazmunini shunda, deb bildi.

Bu barcha turkiy xalqlarning rivoj jarayonlarida eng dolzarb masala — g‘oya edi. Shuning uchun: “Men o‘lanni yozmayman ermak uchun” deb, ijod qilishdan bosh maqsad-a’molini teran ifodaladi. Uning o‘lanlaridan shuning uchun yurak yolqinlari otilib turadi. U ko‘kragida o‘ti bor o‘yli odam deganda, g‘ayratli, aql, imon, ilm, insofni o‘ziga dastur qilib olgan, elga, jamiyatga foyda keltirish tilagi, maqsadi bilan yashaydigan, harakat qiladigan odamni tushundi. Shunday odam Abay Qo‘nonboy o‘g‘lining ideali edi. U qozoq eliga murojaatlarida ro‘y-rost aytdi: ilmni kim beradi “yonmay yotib so‘nsangiz” dedi. Qozoqni o‘zini o‘nglashga da’vat etdi. Shoirona teran bir tarzda el o‘zi uchun harakat qilmasa, “ko‘z yoshi, yurak qoni bilan hatto ichki muz erimaydi” deb bashorat qildi. U haqiqatan elga saboq bo‘lsin, deb o‘lan aytdi. U dunyoning eshigini xalqlar uchun otashin va haqqoniy o‘lan ochishiga chin dildan ishondi. Ibrohim Qo‘nonboy o‘g‘lining barcha otashin so‘zlari hali-hanuz tirik: u hamon o‘z ulug‘ shoirlik masnadidan turib: “Teran o‘y, teran ilm yo‘ling ochsin!” deb go‘zal haqiqatlarini ellarga yetkazib turadi.

Prezidentimizning qarori mana shunday ajib bir dahoni bizga yanada yaqinlashtirayapti. Bir paytlar Mirtemir, Uyg‘un, Asqad Muxtor kabi shoirlarimiz Abayning go‘zal, haqparast va o‘ta turkona asarlarini o‘zbek tiliga jilvasoz qilib tarjima qilgan edilar, Nosir Fozilov uning Navoiy, Monten, Gyote, Kaykovus esselaridan kam bo‘lmagan o‘ta yorqin naqllarini o‘zbekchalashtirgan. Bu asarlar yangi zamon o‘quvchilari uchun ajib bir yangilik bo‘lajak. Zero, ularning bir so‘zi ham eskirmagan va har fikri yangi zamonlarga shu’la hamda alanga sochib turadi. Biz ulug‘ turkiy shoirning saylanmalari to‘liq holda chiqishini intizorlik bilan kutamiz. Abay mushoiralari, qarorda ta’kidlanganidek, ko‘ngillarimizga yangi sururlar, yangi to‘lqinlar olib kirajak.
Ibrohim FAFUROV,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер