Vladimir Norov Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin bilan uchrashuv oʻtkazdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
2022-yil 17-noyabr kuni Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻzaro bogʻliqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” xalqaro konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzbekiston-Tojikiston doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari, turli sohalardagi strategik sheriklik va ittifoqchilikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli soʻnggi yillarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishilgani taʼkidlandi.
Tomonlarning oliy darajadagi kelishuvlarni har tomonlama amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga tayyorligi haqida xabar berildi.
Parlamentlar, hukumatlar va tarmoq vazirliklari orqali faol muloqot oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarini yanada oshirish, ikki mamlakat mintaqalarining toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarini qoʻllab-quvvatlash, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar, shu jumladan Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi mablagʻlari hisobidan koʻrib chiqildi.
Suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish va barqaror transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Xalqaro institutlar doirasidagi tomonlarning oʻzaro hamkorligi, shuningdek, mintaqaviy siyosatning ayrim masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring