Vladimir Norov Slovakiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yan Borini qabul qildi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
2022-yilning 9-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Slovakiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Yan Borini mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlayotgani munosabati bilan qabul qildi.
Vazir Slovakiyaning Toshkentdagi diplomatik missiyasiga besh yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Elchining ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.
Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish ustuvor ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Tovar ayirboshlashning hozirgi darajasi ikki davlatning mavjud iqtisodiy imkoniyatlari, inson va ishlab chiqarish resurslariga mos kelmaydi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu yoʻnalishda muloqotni institutsionallashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Oliy Majlisi palatalari va Slovakiya Milliy kengashi oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar “Oʻzbekiston – Slovakiya – Yevropa Ittifoqi” va «Vishegrad guruhi + Markaziy Osiyo» formatlarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdi. Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tezroq imzolash zarurligi taʼkidlandi.
J.Bori, oʻz navbatida, Slovakiyaning Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari sifatidagi faoliyatida har tomonlama yordam bergani uchun minnatdorlik bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring