Vladimir Norov Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Jozep Borrel bilan uchrashuv oʻtkazdi

00:07 18 Noyabr 2022 Siyosat
622 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

2022-yil 17-noyabr kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Aloqalarni ularni yanada jadallashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish muhimligi eʼtirof etildi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, har tomonlama xususiyat kasb etayotgani taʼkidlandi. Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning mamlakatimizga rasmiy tashrifi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” sammitidagi ishtiroki konstruktiv va oʻzaro manfaatli muloqotning yangi oʻsish nuqtalarini belgilab olishga imkon berdi.

Tomonlarning siyosat, savdo va investitsiyalar, moliyaviy va texnik yordam, yuqori texnologiyalar, fan va taʼlim, ekologiya, turizm, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni qabul qilishga tayyorligi tasdiqlandi.

J.Borrelning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi respublikada olib borilayotgan islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatlaydi va Yangi Oʻzbekistonning rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirishda yordam berishga tayyor. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning zamonaviy tashqi siyosatiga yuksak baho berildi. Mazkur siyosat natijasi oʻlaroq soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda oʻzaro anglashuv va ishonchga asoslangan yangi siyosiy muhiti yaratilgani eʼtirof etildi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning dastlabki bosqichda imzolanganini olqishladilar. Ushbu hujjatni imzolash uchun ichki protseduralarni tezda yakunlash zarurligi taʼkidlandi.

Rejalashtirilgan tadbirlar jadvali, jumladan, Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi Hamkorlik kengashi va “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” Turizm anjumani yuzasidan fikr almashildi.

Yashil kun tartibini birgalikda ilgari surish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, tabiiy resurslardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish orqali ekologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Afgʻonistondagi hozirgi vaziyat koʻrib chiqildi. J.Borrel ushbu mamlakatda gumanitar inqirozni oldini olish uchun Afgʻonistonning yakkalanishini oldini olish zarurligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston tomonining fikrini qoʻllab-quvvatladi.

“Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Vazirlar uchrashuvi hamda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” oʻzaro bogʻliqlik: “Barqaror rivojlanish uchun global darvozalar” mavzusidagi xalqaro konferensiya mintaqalararo mushtaraklikni yanada rivojlantirishga yordam berishiga ishonch bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер