Vladimir Norov adliya masalalari boʻyicha yevrokomissar Dide Reynders bilan uchrashdi

01:08 07 Sentyabr 2022 Siyosat
639 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

2022-yil 6-sentyabr kuni tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi adliya masalalari boʻyicha yevrokomissar Dide Reynders bilan uchrashdi.

Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligi, jumladan qonun ustuvorligi sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Yevropa tomoniga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistondagi demokratik oʻzgarishlar tufayli inson huquqlari va erkinliklari, qonun ustuvorligi, soʻz, din va vijdon erkinligi singari qadriyatlar jamiyat hayotida muhim oʻrin tutmoqda.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi. Yangilangan Asosiy Qonun mamlakatni uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining mustahkam huquqiy asosi va kafolatini yaratishga xizmat qilishi eʼtirof etildi.

Dide Reynders, oʻz navbatida, Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning jadal taraqqiyotini katta qiziqish bilan kuzatayotgani, shuningdek, mamlakatning demokratik institutlar faoliyatini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, soʻz va din erkinligini taʼminlashga xayrixohligini qoʻllab-quvvatlayotganini qayd etdi.

Yevropa tomoni Oʻzbekistondagi keng islohotlar dasturini amalga oshirishda koʻmak koʻrsatish, xususan, qonun ustuvorligi sohasida qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili hamda “Inson shaʼni va qadr-qimmati uchun” gʻoyasini ilgari surishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasining mohiyati va ahamiyati haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Eng muhim takliflar qatorida oʻlim jazosini taqiqlash, “Miranda qoidasi”ni qoʻllash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining huquqlarini kafolatlash, «Habeas korpus» institutini aks ettirish va boshqalarga eʼtibor qaratildi.

Barcha sohalarida muntazam aloqalarni davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер