Viloyat hokimligining bogʻi barpo etilyapti

10:57 09 Aprel 2026 Jamiyat
184 0

Buxoro tumani “Xonobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi besh gektar maydonda viloyat hokimligi bogʻi barpo qilinmoqda. Ismi – jismiga monand bu goʻsha “M-37” rusumli xalqaro ahamiyatga ega yoʻl boʻyida joylashgan.

— “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi bu xayrli tashabbus keng jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlandi, — deydi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi raisi oʻrinbosari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Jahongir Sharipov. — Shu munosabat bilan oʻtkazilgan koʻchat oʻtqazish tadbirida viloyat mutasaddilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etishdi. Bu yerda oʻtqazilgan qayragʻoch, sadaqayragʻoch, katalpa, tut, shumtol, yapon saforasi koʻchatlari risoladagidek parvarish qilinishi evaziga baravj oʻsib, yon-atrof fayziga fayz qoʻshiladi.

Viloyatda mikroiqlim yaxshilanishiga hissa qoʻshishi kutilayotgan bu kabi yangi bogʻlar soni koʻpaymoqda. Chunonchi, Buxoro shahriga tutash “Bogʻidasht” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 43 gektar yerda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi barpo qilish ishlari yakuniy bosqichga kirdi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining shu yil 25-martdagi tegishli Farmoniga muvofiq, umumiy maydoni 200 gektarni tashkil etadigan Dendrologiya va Botanika bogʻlarini barpo etish moʻljallanmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер