Viktorinaning gʻoliblari aniqlandi

17:42 13 Yanvar 2020 Jamiyat
1710 0

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining hududiy boshqarmalari, harbiy qismlari va taʼlim muassasalarida harbiy xizmatchi va xodimlarning chet tillarini, xususan, Harbiy texnik institutida kursantlarining 5 ta xorijiy til — rus, ingliz, nemis, xitoy va arab tillarini oʻrganishlari borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻrganilayotgan til koʻnikmalarini muntazam ravishda rivojlantirish va ularning samarasini namoyon etish maqsadida Milliy gvardiya tarkibiy va hududiy boʻlinmalari oʻrtasida bilimlar bellashuvi — Viktorina oʻtkazilib kelinmoqda.

Milliy gvardiya tizimida har yili oʻtkazilishi anʼanaga aylangan bu kabi viktorinalarning ingliz tili yoʻnalishining respublika bosqichi kuni kecha, yurtimizda keng nishonlanayotgan bayram 14-yanvar — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida oʻtkazildi.

Mazkur bellashuv yurtimiz boʻylab qizgʻin davom etayotgan vatanparvarlik oyligida “Vatan himoyasi — muqaddas burch” shiori ostida tashkil etildi.

Bellashuvda 6 nafar ishtirokchidan iborat boʻlgan 10 ta jamoa oʻz kuchi va bilimini 3ta shart boʻyicha sinovdan oʻtkazdi. Barcha shartlar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy kadrlarni tayyorlash boʻlimi boshligʻi, OʻzR QK Tinchlik yoʻlidagi hamkorlik markazining kafedra mudiri hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik institutidan tashrif buyurgan oʻqituvchilardan tashkil topgan Hakamlar hayʼati tomonidan adolatli baholab borildi.

“Tanishtiruv”, “Savol-javob”, “Sardorlar bahsi” shartlarida jamoalar egallagan til koʻnikmalarini oʻz fikrlarini ingliz tilida erkin va ravon ifoda etishlari orqali namoyon etdilar. Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti kursantlari, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi va Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylarida tahsil olayotgan oʻquvchilar yosh boʻlishiga qaramay oʻz isteʼdodlarini koʻrsata oldilar.

Yakuniy natijalarga koʻra, 3-oʻrinni Milliy gvardiya Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining “Perfect generation” jamoasi va 2-oʻrinni Toshkent viloyatida joylashgan Milliy gvardiya boʻlinmasining “Lions” jamoasi egalladi. Faxrli 1-oʻrinni esa Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutining “Black eagles” jamoasi qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, “Guardian lions” jamoasi ishtirokchisi oddiy askar Abdujalilov F. “Eng yaxshi ishtirokchi” nominatsiyasiga ega boʻldi. Munosib ishtirok etgan barcha gʻolib va sovrindorlar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonligi tomonidan maxsus diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

“Ingliz tili boʻyicha Viktorinaga ustozlarimiz yordamida jiddiy tayyorgarlik koʻrgan edik. Harbiy-texnik institutida olayotgan bilimlarimiz bundan keyin ham bugungidek gʻoliblikka erishishimizda xizmat qilishiga ishonamiz”, ‒ deydi gʻolib jamoa sardori kursant Nurislom Mahmudov.

Nafosat Zafarova, Milliy gvardiya Matbuot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер