Vazirlik axborotidan deputatlar qoniqdimi?

17:47 19 Iyul 2023 Jamiyat
535 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlimni zamon talablari asosida isloh qilish, ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etish, taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy himoyasini yaxshilash hamda sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, oliy taʼlimda jarayonlarni boshqarishning shaffofligini oshirish maqsadida – “HEMIS” axborot tizimi joriy etilib, talabalarning shaxsiy varaqasi, guruh jurnali, reyting daftarchasi, dars jadvali, davomati va oʻzlashtirishning qayd varaqalari raqamlashtirildi.

Ishga qabul qilishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida milliy vakansiyalar bazasining ish.mehnat.uz va vacancy.edu.uz saytlarida boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlar eʼlon qilish tartibi yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilning may-iyun oylarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar holati Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi oliy taʼlim muassasalari misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi.

2023-yil 19-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi tomonidan mazkur oʻrganish yakunlariga bagʻishlangan eshituv oʻtkazildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining axboroti eshitildi.

Eshituvda oliy taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga urgʻu berildi. Jumladan, talabalar va pedagog xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish hamda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida rasmiy telegram bot tashkil etildi. Ishonch telefoni va anticor@edu.uz elektron pochta faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oliy taʼlim muassasalarining oʻquv binolarida “Adolat qutilari” oʻrnatildi.

Shuningdek, xorijdan oʻqishni davlat oliy taʼlim muassasalariga koʻchirishni Davlat test markazi orqali amalga oshirish tartibi yoʻlga qoʻyildi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar xodimlarining malaka va koʻnikmalarini oshirish, ularda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida masofaviy malaka oshirish kurslari tashkil etilib, tinglovchilarga Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan sertifikatlar topshirildi.

Sohada amalga oshirilgan ishlar bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalar borligi ham aniqlangan. Masalan, oliy taʼlim tizimidagi bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalar oʻz vaqtida bartaraf etilmagan.

Oʻrganilgan oliy taʼlim muassasalarida mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan holatlar aniqlangan. Ayrim oliy taʼlim muassasalarda byudjetdan ajratilgan mablagʻlarni maqsadsiz sarflash holatlari aniqlangan. Baʼzi oliy taʼlim muassasalarida esa davlat xaridlariga oid qonun talablari buzilgan.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalaridagi baʼzi mansabdor shaxslar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilganligi aniq koʻrinib turgan boʻlsada, ular yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilmasdan qolgan. Bu kabi holatlar deputatlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻldi.

Eshituvda deputatlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi qonunchilik hujjatlaridagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida jamoatchilik va aholi bilan doimiy qayta aloqa qilish tizimini yoʻlga qoʻyish, tizimda “komplaens nazorat” boʻlinmalari faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqish va sohada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan aniq choralar koʻrish, aybdor shaxslarning javobgarligi masalasini hal qilish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер