Vazir koronavirusga qarshi kurash masalasida germaniyalik mutaxassislar bilan muloqot oʻtkazdi
Mamlakatimiz bilan Germaniya oʻrtasidagi aloqalar har doim doʻstona va koʻp tomonlama hamkorlik asosida kechgan. Xususan, 2019-yilning 21-yanvarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga, oʻsha yilning 27-mayida Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning Oʻzbekistonga tashrifi davomida koʻplab sohalar qatori tibbiyot yoʻnalishida ham keng hamkorlik qilishda yangi sahifalar ochilgan edi.
Shu kunga qadar Xitoy, Rossiya, AQSH, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi davlatlar bilan bir qatorda Germaniyadan kelgan nufuzli mutaxassislar ham Oʻzbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita qatnashib, oʻz tavsiyalarini berib kelishmoqda.
Kuni kecha koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda koʻmak berish maqsadida yana bir guruh germaniyalik mutaxassislar yurtimizga kelgani haqida xabar bergani edik.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, bugun Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov nufuzli nemis mutaxassislari ishtirokida oʻzaro muloqot oʻtkazdi. Unda Germaniyaning Robert Kox instituti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi va Dyusseldorf universiteti hamda Frankfurt-Maynuniversiteti klinikalaridan kelgan mutaxassislar bilan yurtimizda pandemiyaning taʼsirini imkon qadar kamaytirish, kasallik tarqalishining oldini olish va bemorlarni davolashda nemis mutaxassislari va mahalliy shifokorlar oʻrtasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Yevropalik mutaxassislar guruhi shu yilning 28-avgustiga qadar yurtimizda boʻlib, poytaxtimiz, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi shifoxonalarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etadilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring