Vatan himoyasi — sharafli va muqaddas burch

11:30 27 Yanvar 2021 Jamiyat
7613 0

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk avlodni kamolga yetkazish bugun har birimizning muqaddas burchimizga aylandi. Bu borada Toshkent harbiy okrug qoʻmondonligi tasarrufidagi barcha boʻlinma va qismlarda manzilli Dastur asosida ish olib borilmoqda. Jumladan, Qibray, Boʻstonliq, Oʻrta Chirchiq, Yuqori Chirchiq hamda Parkent tumanlarda joylashgan harbiy qism va muassasalar, tuman va shahar hokimliklari, mudofaa ishlari boʻlimlari, Toshkent viloyati Yoshlar agentligi, tuman va shahar Yoshlar ittifoqining yetakchilari bilan hamkorlikda “Vatanparvarlik” oyligi doirasida keng qamrovli tadbirlar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Toshkent harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan boshlangan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar koʻlami kun sayin kengaymoqda. Bunday tadbirlardan biri Chirchiq Oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti bilan hamkorlikda oʻtkazildi. Chirchiq shahridagi 26-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchi yoshlari faol ishtirok etgan jarayonda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar va harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish bosh maqsad qilib belgilandi. “Er yigitning er yigitga aytgan gapi taʼsirli boʻladi” shiori ostida harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari hamda qurol-aslaha va texnikalar namoyishi oʻquvchi yoshlarda Vatan himoyasiga boʻlgan sevgi va sadoqat tuygʻularini ortishida muhim omil boʻldi.

Harbiy xizmatchilarning oilalarini ijtimoiy muhofaza qilish, uy bekalarini kasbga yoʻnaltirish, ularni malaka oshirish markazlarida bilim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish borasida ham ijobiy natijalarga erishilmoqda. Bu borada Chirchiq shahar hokimligi mutasaddilari bizga yaqindan yordam berishayotir. Ayniqsa, harbiy qism va muassasalardagi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassislar ishtirokida Chirchiq garnizoni hududidagi tadbirlarni alohida qayd etish mumkin. Bunda asosiy eʼtibor harbiy xizmatchilarning ish bilan band boʻlmagan oila aʼzolarini tadbirkorlik faoliyatiga yoʻnaltirish, ularning kompyuter savodxonligini oshirish, kasb mahoratini shakllantirishga qaratildi.

Mazkur tadbirlar doirasida Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qism va muassasalarda “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimini mukammallashtirish, xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va ularni tizimli ravishda hal etish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash jarayonini uzluksiz davom ettirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.

Mazkur yoʻnalish doirasida Chirchiq harbiy prokuraturasi, Chirchiq Oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti hamda “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda ushbu bilim yurtida xizmat qiluvchi harbiylarning oila aʼzolari, Qurolli Kuchlar safidagi ishchi xizmatchilar va Vatan oldidagi muqaddas burchini bajarish vaqtida halok boʻlganlarning oila aʼzolarini Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy tibbiyot markazida chuqurlashtirilgan tarzda koʻrikdan oʻtkazildi. Jami yuz nafardan oshiq kishilar va bolalarga koʻrsatilgan tibbiy xizmat ular salomatligini tiklash va asrashda muhim omil hisoblanadi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar oilalarini madaniy hordiq chiqarishiga, koʻngilochar tadbirlar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlarga sayohatlar uyushtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori tashabbusi bilan Boʻstonliq tumanining chekka hududida joylashgan harbiy qismlarning birida oʻtkazilgan ana shunday tadbirda 1942-yilda nemis fashistlari tomonidan Gollandiyadagi konslagerda oʻldirilgan 101 nafar oʻzbek yigitlarining oʻchmas jasorati haqida hikoya qiluvchi “101” nomli tarixiy film namoyish etildi.

Mazkur film muallifi va rejissyori Anvar Irgashev hamda ijodkorlari Yuliya Medovskaya, Ruslan Kulmatov, Abdujabor Turdibayevlarning ushbu tadbirdagi bevosita ishtiroki bu yerdagi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun unutilmas xotira boʻlib qoldi. Mazkur filmda aks ettirilgan voqealarda oʻzbek oʻgʻlonlarining Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasorati toʻlaqonli tasvirlab berilganligi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, filmni suratga olish jarayonidagi mashaqqatlar haqida ochiq muloqot uyushtirilishi harbiylar va ularning oila aʼzolari uchun kutilmagan suhbat boʻldi.

Mazkur tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad, harbiy xizmatchilarimiz ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanligini singdirish, ularda Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik hissini, javobgarlik masʼuliyatini oshirishdan iboratdir.

Akbar Boboyev,
Chirchiq harbiy prokurori,
adliya podpolkovnigi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер