Vaxta usulida ishlashni tashkil etish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (287-son, 13.07.2023-y.) bilan “Vaxta usulida ishlashni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Qarorga koʻra, vaxta usulida ishlashni quyidagi holatlarda qoʻllash mumkin:
— oʻrmon xoʻjaligi, geologiya-qidiruv, aloqa va temir yoʻl transporti tashkilotlarida;
— qurilish-montaj, shuningdek, rekonstruksiya-taʼmirlash ishlarini amalga oshirayotgan qurilish tashkilotlarida;
— energetika obyektlaridan foydalanishda (ekspluatatsiya qilishda);
— neft va gaz sanoati obyektlarida, shu jumladan, quvur oʻtkazuvchi, xizmat koʻrsatuvchi va taʼmirlash ishlarini bajaruvchi tashkilotlar hamda quvur transporti tashkilotlarida;
— rangli va qimmatbaho metallar, koʻmir va boshqa tabiiy boyliklar konlarini oʻzlashtirishda;
— vaxta usuli qoʻllangan tashkilotlar xodimlariga xizmat koʻrsatayotgan tibbiy, savdo va umumiy ovqatlanish, transport tashkilotlarida;
— avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda boshqa tashkilotlarda.
Vaxta usulida ishlarni tashkil etish bilan bogʻliq barcha xarajatlar ish beruvchi hisobidan amalga oshiriladi.
Vaxta usulida bajariladigan ishlarga quyidagilar jalb qilinishi mumkin emas:
— 18 yoshgacha boʻlgan xodimlar;
— homilador ayollar;
— 3 yoshgacha boʻlgan farzandini tarbiyalayotgan ota-onadan biri (vasiy);
— tibbiy xulosaga muvofiq vaxta usulidagi ishlarni bajarishiga qarshi koʻrsatmalar boʻlgan shaxslar.
Ish beruvchi tomonidan vaxta usulida ishlaydigan xodimlar transport, savdo-maishiy xizmatlar hamda kuniga uch mahal issiq ovqat bilan markazlashgan holda taʼminlanadi va ularning ovqatlanishi uchun sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga javob beradigan sharoitlar yaratiladi.
Bunda hisobga olingan davr uchun har kungi ish vaqtining maksimal davomiyligi 12 soatdan oshmasligi kerak.
Vaxta usulida ishlayotgan xodimlarga mehnat taʼtili vaxta smenasi oraligʻidagi dam olish vaqtida berilishi mumkin emas.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring