Vabo epidemiyasi tufayli bir milliard kishining salomatligi xavf ostida — JSST
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining navbatdagi bayonotiga koʻra, hozir dunyoning 43 mamlakatida yashovchi 1 milliarddan ortiq kishi vabo xastaligini yuqtirish xavfi ostida.
Xususan, oʻtgan haftaning oʻzida uchta davlatda yangi epidemiyalar qayd etilgan. Shu tariqa mazkur kasallik roʻyxatga olingan davlatlar soni 22 taga yetdi.
Vabo tarqalishi tendensiyasi 2022-yilda boshlangan va bir yil oldingiga nisbatan 50 foiz koʻproq hududga kirib borgan.
JSST tahliliga koʻra, kasallikning avj olishiga tabiiy ofatlar, baʼzi mintaqalarda qashshoqlik kuchayishi va harbiy toʻqnashuvlar sabab boʻlgan.
Mutaxassislar fikricha, kelgusida iqlim oʻzgarishi va global isish tufayli muammo yanada keskinlashishi mumkin. Shuningdek, dunyoning koʻplab nuqtalarida kuzatilayotgan toza ichimlik suvi tanqisligi muammo koʻlami ortishiga olib keladi.
Oʻz navbatida, xalqaro ekspertlar vabo bilan kasallanganlar oʻrtasida oʻlim darajasi keskin ortganidan jiddiy xavotirda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring