Uzumchilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha yangi tizim yaratiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan selektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.
Uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, gʻururi va daromad manbai hisoblanadi. Turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bogʻlanib ketgan. Husayni, toyfi, Rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarimizning dovrugʻi uzoq-uzoqlargacha tanilgan.
Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasi rivojida ushbu tarmoqning muhim ekanligi inobatga olinib, soʻnggi toʻrt yilda 52 ming gektar yangi tokzor tashkil etildi, sohaga 210 milliard soʻm subsidiya ajratildi. Oʻtgan davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga koʻpaydi.
Yigʻilishda uzumchilik tarmogʻida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama etildi.
Bugungi kunda 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilib, sohada 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligi taʼminlangan. Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlari uzumchilikda maydon jihatidan yetakchi hududlar hisoblanadi.
Jahon bozorida xoʻraki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi oʻrinda boʻlib, har yili unga boʻlgan talab oʻrtacha 350 million dollarga oʻsmoqda (jami yillik eksport hajmi 10 milliard dollar).
– Xoʻraki uzum boʻyicha eksport salohiyatimiz kamida 600 million dollar (bu yil 200 million dollar), mayiz – 500 million dollar (bu yil 130 million dollar) va tabiiy vino – 100 million dollarga (bu yil 50 million dollar) teng. Bu biz uchun juda katta imkoniyat, bundan unumli foydalanishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Qayd etilganidek, Yevropada 800 million, Xitoyda 600 million, Rossiyada 300 million, Hindistonda 250 million dollarlik eksport bozori mavjud.
Mutaxassislar fikricha, 1 gektar xoʻraki uzum yetishtirish uchun oʻrtacha 100 million soʻm xarajat qilib, toʻrt yildan keyin yiliga 250 million soʻm sof foyda olish mumkin. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan bir kilogramm yogʻning jahon bozoridagi narxi – 10-15 dollar boʻlib, Oʻzbekistonda bir yilda 1,5 ming tonna yogʻ ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
1 gektar gʻalla maydonida 2 kishi band boʻlib, koʻpi bilan 20 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilsa, uzumchilikda, ayniqsa, shpaler usulida 10 nafargacha aholini doimiy va mavsumiy band qilish va 300 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarib, oʻrtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin.
Bundan tashqari, uzum koʻchati 4-5 yillik boʻlganicha oraliq ekin ekish orqali yana millionlab soʻm daromad koʻrish mumkin.
Yigʻilishda uzumchilik sohasida yillar davomida toʻplangan tajribadan unumli foydalanilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Xususan, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni 7 ming gektarga kamaygan. Misol uchun, Qashqadaryoda 2,5 ming gektar, Namanganda 2,4 ming, Surxondaryoda 1,2 ming, Andijonda – 645 gektar.
Aksincha, Jizzax, Qoraqalpogʻiston va Fargʻonada tokzorlar maydoni koʻpaygan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring