“Uzcard” terminallari oʻchiriladimi? — Rasmiy munosabat bildirildi
Soʻnggi vaqtlarda OAVlar savdo terminallarining oʻchirilishi haqida faol fikr bildirmoqdalar. Koʻpchilikni bir savol qiziqtirmoqda, bu nima bilan bogʻliq?! “Uzcard” nima sababdan terminallar oʻchirilish holatlari sodir boʻlayotganligini izohlamoqchi:
Birinchidan, hozirda PCI DSS talablariga javob bermaydigan eski, foydalanishga yaroqsiz terminallar oʻchirilmoqda. Ushbu Standart toʻlov karta egalari maʼlumotlari xavfsizligini taʼminlashga moʻljallangan 12 batafsil talablar toʻplamidan iborat. Standart Visa, MasterCard, American Express, JCB va Discover xalqaro toʻlov tizimlari tomonidan tashkil etilgan Toʻlov kartalari sanoati xavfsizligi standartlari kengashi (Payment Card Industry Security Standards Council, PCI SSC) tomonidan ishlab chiqilgan.
Turli xil moliyaviy vositalarning oʻzaro taʼsiri bilan bogʻliq murakkab mexanizm boʻlgan bank tuzilishi, har doim toʻlovlarni va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish uchun faqat eng ishonchli uskunalarga muhtoj. Uskunalar eskirib qolishi tufayli ularni taʼmirlashda, biznesni yuritish va boshqarishda koʻplab qiyinchiliklar yuzaga keladi, boshqa uskunalar va tizimlarning dasturiy taʼminoti bilan oʻzaro bogʻliq muammolar paydo boʻladi.
Shu sababli, joriy yilning 1-iyun sanasidan 15-iyun sanasiga qadar “Uzcard” tomonidan toʻxtatilgan terminallar qariyb 6-7 yil davomida ishlatilgan, vaholanki savdo POS-terminallarining xizmat muddati oʻrtacha 5 yilni tashkil etadi. Ushbu operatsiyani bajarish odatiy jarayon boʻlib, eskirgan terminallarni oʻchirishdan oldin, “Uzcard” dasturiy taʼminoti eskirgan tijorat banklarini qayta-qayta yozma ravishda ogohlantirib, barcha xalqaro talablarga javob beradigan yangisiga almashtirishni tavsiya etadi. Bunday terminallar oʻchiriladi va qayta dasturlanadi.
Ikkinchidan, terminal uskunalarining oʻzi ham PCI DSS reglamentiga javob berishi kerak. Bank uskunalarini faqatgina yangi, zamonaviy va qulay texnik yechimlar bilan oʻz vaqtida almashtirgan holda, maʼnaviy va funksional eskirish muammosini hal qilish mumkin, aks holda dasturiy taʼminotni yangilab boʻlmaydi.
Ushbu holatda ham, jarayon odatdagidek amalga oshiriladi. Tijorat banklariga uskunalarni almashtirish zaruriyati toʻgʻrisida oldindan xabar beriladi. Terminallarni almashtirish barcha banklar tomonidan bepul amalga oshiriladi. Terminallarni qayta dasturlash va almashtirishda yuzaga keladigan barcha muammolar yuzasidan biznes egalari xizmat koʻrsatuvchi bankning eng yaqin filialiga murojaat qilishlari mumkin.
Shuni taʼkidlash kerakki, “Uzcard” savdo terminallarini sotish bilan shugʻullanmaydi, tijorat banklari barcha zarur uskunalarni mustaqil ravishda sotib oladilar.
Uchinchidan, yangi dasturiy taʼminotga oʻtish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-mart sanasidagi “Bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Qarorga binoan, Milliy toʻlov operatori 2018-yil 1-iyul sanasiga qadar mamlakatdagi toʻlov tizimlarini asosiy xalqaro toʻlov tizimlari bilan oʻzaro birlashtiradi, bu esa norezident plastik kartalarni mamlakatning barcha toʻlov terminallari tarmogʻida qabul qilinishini taʼminlaydi. Yangi dastur UnionPay International, MasterCard, VISA, NSPK “Mir”, kabi xalqaro toʻlov tizimlarining karta egalariga Oʻzbekiston Respublikasidagi istalgan savdo nuqtalarida plastik kartalardan erkin foydalanish, shuningdek, kobeydjing bank kartalaridan foydalanish imkonini beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring