MQKQ vakillari sudni yoritgan OAVga bosim oʻtkazishga urinib koʻrgan — “UzAuto Motors” yana rasmiy bayonot bilan chiqdi

14:38 21 Oktyabr 2020 Jamiyat
1461 0

“UzAuto Motors” AJ mazkur avto ishlab chiqaruvchi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (MQKQ) oʻrtasidagi sud jarayonini yorituvchi ommaviy axborot vositalari vakillariga bosim koʻrsatilishi faktlaridan tashvishda ekanligini bildiradi. Kompaniya ayrim amaldorlarning jurnalistlarga nisbatan senzura va cheklovlardek xato amaliyotga intilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi deb hisoblaydi.

“UzAuto Motors” AJ yuridik boshqarmasi direktori Rustam Shaymardonov shunday dedi:

“Toshkent shahar maʼmuriy sudida koʻrilayotgan ishning soʻnggi sud majlisidan keyin, sudda javobgar sifatida ishtirok etayotgan tomon ommaviy chiqish qilib, UzAuto Motorsni goʻyoki biz “buzayotgan axloq meʼyorlari”ga rioya etishga chaqirdilar. Qarangki, kompaniyaning MQKQga nisbatan daʼvosi yuzasidan borayotgan ishni toʻliq va shaffof yoritishga boʻlgan tabiiy intilishimiz javobgar tomonda xavotirni uygʻotayotgan ekan. Yana shu darajada ekanki, ular ochiq-oydin “qoʻmitaga nisbatan daʼvolarimizga tegishli barcha narsani faqatgina sud muhokamasi doirasida gapirish va sharhlashimiz” kerakligiga ishora qilishgan. Mohiyatan, bu biz uchun ochiq bahs-munozara, shuningdek xolis raqamlar va faktlarni ommaga eʼlon qilish hammaga ham yoqavermasligi haqida birinchi signal boʻldi.

Afsuski, ish qoʻmitaning ommaviy axborot vositalari bilan muloqotni qisqartirishga chaqirigʻi bilan tugab qoʻya qolmadi. Ishonchli manbalardan bizga maʼlum boʻlishicha, dushanba kuni MQKQ rasmiy vakillari bizning daʼvoimiz yuzasidan 16-oktyabr kuni oʻtgan uchinchi sud majlisi borishini yoritgan OAVga bosim oʻtkazishga urinib koʻrganlar.

Qator holatlarda bu urinishlar muvaffaqiyatli boʻlgan: Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmatining qatʼiy talabidan keyin ayrim OAV xolis maʼlumotlari aks etgan maqolalarni oʻz saytlaridan oʻchirib tashlagan, boshqalari eʼlon qilingan matnlardan MQKQni qoniqtirmaydigan qismlarini olib tashlab, oʻzgartirishlar kiritgan. Mazkur sud ishidagi opponentlarimizning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasining qoʻpol buzilishi faktidan qutilishga urinishlarining oldini olish uchun, biz maqolalar aslining skrinshotlariga ham, shuningdek, matbuotga bosimning boshqa isbotlariga ham ega ekanligimizni aytib qoʻymoqchiman.

Hozir gap hatto, “UzAuto Motors”ning sudda koʻrilayotgan MQKQga qarshi ishida kim haqligida ham emas. MQKQ vakillarining oʻzlari bu jarayon sud zalidan tashqariga chiqib ketishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqdalar. Biroq, oʻtmishga qaytib, soʻz erkinligi fundamental qadriyatiga daxl qilish avval-boshdan muvaffaqiyatsizlikka mahkum va biz bunday voqealar kelgusida qaytarilmasligiga umid qilamiz. Bu har tomonlama juda koʻngilsiz ish, ayniqsa, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi OAV uchun reklama joylashtirish masalasida tartibga soluvchi davlat organi ekanligini yodga olsak, kimlardir bunda qandaydir bosim koʻrsatish yoʻllaridan foydalanishni koʻrishi mumkin.

Mamlakatimizda “UzAuto Motors”chalik OAV tomonidan tanqidga uchragan kompaniyalar kam, desam hech kim ajablanmaydi, holbuki koʻp hollarda bu unchalik ham konstruktiv tanqid boʻlmagan. Biroq, biror marta ham bu biz tomonimizdan oʻzimizga yoqmaydigan maqola yoki uning bir qismini oʻchirib tashlashga urinish uchun bahona boʻlmagan. Mass-media bilan muloqotning madaniy vositalari bor, ular sharh yoki raddiya berishni koʻzda tutadi va matbuot xizmatimiz aynan shu uslublardan foydalanadi. Biz Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasini ham – tabiiyki, bizning soʻzlarimizni rad etishga dalillari boʻlsa – jurnalistlar bilan shu tarzda muloqot qilishga chaqiramiz.

Masalaga uzil-kesil oydinlik kiritish uchun esa, MQKQning shanba kunidagi murojaatiga shunday javob beraman: davlat organlarining ichki oʻzaro aloqasi kabi toʻqima axloq meʼyorlarining hech qaysisi biz uchun jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqotdan ustun boʻla olmaydi. “Qoʻl sinsa, yeng ichida” qolishiga chaqiriqlar va isteʼmolchilarimizni xabardor qilish oʻrtasidagi tanlovda biz doim keyingisini tanlaymiz. Meni aniq tushunishlarini istardim: OAV erkinligi biz uchun hatto u kompaniyamizga qarshi turganda ham mutlaq qadriyat sanaladi, zero bu, kamida, voqelik bilan aloqani yoʻqotib qoʻymaslik va yaxshi tomonga oʻzgarishning yagona yoʻlidir. Biz opponentlarimizga ham bu yondashuvimizdan foydalanishni chin dildan tavsiya qilamiz”, deyiladi bayonotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер