Ustozlarga “ehtirom”ning andijoncha usuli — oʻqituvchilardan “uzr soʻrattirish marosimi”ning asl tashabbuskori kim?
Foto: Халқ сўзи
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-IDUMda oʻqituvchilar ota-onalardan oliy oʻquv yurtlariga kirish pastligi hamda dars sifati uchun uzr soʻragani aks etgan video va foto xabarlar tarqaldi.
Bunday majlislarga tuman hokimining tashrifi ham kutilgan
Mazkur voqeada tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri va hokim yordamchisi ham qatnashgan. “Maktabimizda 4-fevral kuni tuman hokimligi vakillari bilan birgalikda ota-onalar yigʻilishi oʻtkazildi. Unda oʻquvchilarning taʼlim olishidagi boʻshliqlar, oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari tanqid ostiga olinib, ustozlar ota-onalar oldida turgʻazib qoʻyildi”, — degan guvohlardan biri. Xabar manbasiga koʻra, bunday topshiriq hokimlik tomonidan buyurilgani taʼkidlangan. Ayrim ota-onalar bu holat uchun oʻqituvchilardan uzr soʻrab, Bunday “uzr soʻrash” tadbirlari Marhamat tumanining boshqa maktablarida ham oʻtkazilgani aytilmoqda. Tuman maktablarida ishlaydigan oʻqituvchilar ham bu holatni tasdiqlagan. Xabarda aytilishicha, bunday majlislarga tuman hokimining tashrifi ham kutilgan, turli noroziliklardan soʻng ayrim maktablarda yigʻilish nomaʼlum muddatga qoldirilgan.
Boshqarma boshligʻi hodisada oʻzini aybdor hisoblashini aytdi
Marhamat tuman hokimligi tomonidan bildirilgan munosabatda hatto voqeaga aniqlik kiritilmagan (buni aslida munosabat ham deb boʻlmaydi) boʻlsada, biroq Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Azizbek Mirkomilovning fikri masalaga bir oz oydinlik kiritgandek.
“Maktab oʻqituvchilari va ota-onalar yigʻilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus boʻlib, barcha maktablarda oʻtkazilishi topshiriq berilgan, — deyiladi boshqarma boshligʻi munosabatida. — Bunday yigʻilishlar oʻtkazilishi mumkin emasligi boʻyicha tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri tomonidan, tuman hokimining oʻrinbosariga aytilgan. Mazkur holat yuzasidan menga maʼlum boʻlganidan soʻng viloyat hokimining oʻrinbosariga va tuman hokimiga mazkur mazmundagi yigʻilishlar ustozlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlishini aytganimdan soʻng, yigʻilishlarni oʻtkazilishi oldi olindi”.
Boshqarma boshligʻi hodisada shu sohaning masʼuli sifatida oʻzini aybdor hisoblashini aytgan.
“Yuqoridagi holatlarni oʻz vaqtida oldini olmaganim uchun va ustozlarni himoya qilmaganim uchun barchangizdan uzr soʻrayman”, deyiladi boshqarma boshligʻi munosabatida.
XTV bu holatni keskin qoralaydi — XTV matbuot kotibi
Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova holatga tezkor munosabat bilan chiqib: “Xalq taʼlim vazirligi bu holatni keskin qoralaydi. Ayni damda oʻqituvchining obroʻ va shaʼnini Davlatimiz siyosati darajasida koʻtarish masalasi yuqori turgan bir paytda bunday holatning yuz berganligi mutlaqo xato”, — deb oʻz fikrini bildirdi.
Viloyat hokimi barcha ustozlardan uzr soʻrashi kerak — Komil Allamjonov
Shundan soʻng Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ushbu holatga oʻz fikrini bildirib, “Andijonda oʻqituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr soʻrashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan oʻzi barcha ustozlardan uzr soʻrashi kerak”, — degan shaxsiy sahifasida.
Ushbu holat notoʻgʻri talqin qilinmoqda — Marhamat tumani hokimiyati
Ammo Marhamat tumani hokimiyati rasmiy axborot bilan chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat notoʻgʻri talqin qilinayotganini aytdi. “Tadbirni oʻtkazishdan maqsad 2021-2022 oʻquv yilida 11-sinf bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlarini yanada oshirish, kasb-hunar egallashlari hamda chet tillarini mukammal oʻrganishlari yuzasidan maktab direktori boshchiligida maktab oʻqituvchilari hamda ota-onalar ishtirokida «Maktab direktorining ota-onalarga murojaatlari” tashkil etilgan», — deyiladi xabarda. Shuningdek, maktab direktori va oʻqituvchilar, ota-onalar ishtirokida oʻtkazilgan murojaat kimningdir ruhiyatini sindirish uchun oʻtkazilmaganini xabar bergan.
Davlat siyosatiga qarshi — Xalq taʼlimi vaziri
Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov ham ushbu holatga oʻz nuqtayi nazarini bildirib, Davlat siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat, deb atadi. «Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorongʻu, lekin aybdorlar albatta javob berishi kerak. Shu oʻrinda men oʻqituvchilardan oʻz qadr-qimmatlarini yerga urishga yoʻl qoʻymasliklarini soʻrab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yoʻq!», — degan oʻz munosabatida.
Hozirda Xalq taʼlimi vazirining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ishchi guruh tashkil etilgan boʻlib, holatni oʻrganmoqda. Bu holatlarni amalga oshirgan tashabbuskorlarga nisbatan chora koʻrilishi aytildi.
Sharafli mehnatingizni qadrlagan holda taʼzimdamiz — Shuhratbek Abdurahmonov
Holatga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov munosabat bildirib, ustoz-murabbiylarning shaʼni va qadr-qimmatini obroʻsizlantirishga qaratilgan harakat ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, ayrim rahbarlarning maʼnaviyatsizligi va saviyasizligi kechirib boʻlmas xatoni yuzaga keltirganini aytdi. “Men Andijon viloyati hokimi sifatida mazkur holatni oʻz nazoratimga olib, meni boshchiligimda alohida ishchi guruh tuzildi. Aytib oʻtish joizki, ushbu xatoga yoʻl qoʻygan har qanday rahbarlarga qonunda belgilangan jazo choralarini koʻrilishini taʼminlayman” – degan viloyat hokimi oʻz munosabatida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring