USAID Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirmoqchi
USAID Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish va amalga oshirish toʻgʻrisida maʼlum qildi, deb xabar berdi TIV.
28-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Farhod Arziyev va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori yordamchisi Gloria Stil iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Shuhrat Vafayev va Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev ishtirokida videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi.
Gloria Stil faqat Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimida USAID yoʻnalishi boʻyicha 120 million AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi loyihalar amalga oshirilganini taʼkidladi. 2020-yilda COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash, jumladan laboratoriya bazalari salohiyatini kengaytirish va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish uchun USAID Oʻzbekistonga 3,8 million dollar ajratdi.
Qayd etilganidek, “Qishloq xoʻjaligida qiymat zanjirini rivojlantirish” loyihasi fermerlarga meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va eksport qilishning zamonaviy usullarini joriy etishda yordam berdi. Ushbu yoʻnalishdagi muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirish maqsadida, USAID “Oʻzbekistonda agrobiznesni rivojlantirish” dasturini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Suhbat chogʻida, shuningdek, savdoni rivojlantirish, energetika sohasini modernizatsiya qilish, oʻrta va oliy taʼlimni mustahkamlash, sogʻliqni saqlash tizimini qoʻllab-quvvatlash va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring