Urush qahramonlari doimo yodimizda

17:59 08 May 2023 Jamiyat
848 0

Millionlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan ikkinchi jahon urushining oqibatlari bugun tarix sahifalaridan mangu o‘rin egallagan. Bilamizki, fashistlarning dahshatli jangu jaddalari ustidan qozonilgan g‘alabada ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining ham munosib hissasi bor. Bu urush O‘zbek xalqining matonat va jasoratini, e’tiqod va ishonchini, insonparvarlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibat kabi fazilatlarini yana bir karra namoyon etgan, desak hech mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

O‘sha mashum urush boshlangach, Ishtixon tumanining Tilak qishlog‘i (U paytlarda Oqdaryo tumaniga qarashli bo‘lgan) da yashagan Eshbek otaning to‘rt o‘g‘li - Sunnatilla, Omon, Ismon va Usmon Eshbekovlar jangga otlangan. Ko‘p o‘tmay Sunnatilla va Omondan qora xat keladi...

Usmon Eshbekov 1941 yilgacha Oqdaryo tumanidagi Oytomol qishlog‘ida maktab o‘qituvchisi bo‘lgan. 

U urushda Sobir Rahimov qo‘mondonlik qilayotgan 37-gvardiyachi o‘qchi diviziyasi tarkibida jang qildi. 1944 yil boshlarida Usmon urushdan yarador bo‘lib kelgan paytida ularning Tallak qishlog‘i Oqdaryodan Ishtixon tumani tarkibiga o‘tkazilgan edi. Shu tariqa bu qishloqda ham maktab ochish zaruriyati paydo bo‘ldi. O‘z davrining ilg‘or ziyolisi Tallak qishlog‘ida hozirgi 7-o‘rta maktabni bunyod etishda va urush tufayli to‘xtab qolgan ta’lim sohasini yo‘lga qo‘yishda faollik ko‘rsatadi. 1960 yillargacha kechki maktabda dars berib, kunduzi xo‘jalik ishlarida mehnat qiladi. Ta’kidlash lozimki, Usmon ota urushdan qaytganidan so‘ng qishloq xo‘jaligi sohasida ham juda ko‘p xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘ldi. Hatto, nafaqaga chiqqanidan so‘ng ham xo‘jalikda pilla yetishtirish ishiga hissa qo‘shdi.

Usmon Eshbekovning umr yo‘ldoshi Xursand Normatova uy bog‘chasi tashkil etib, uzoq yillar qishloqda dalaga chiqadigan ayollarning yosh bolalarini parvarish qildi. O‘zi 10 nafar farzandni voyaga yetkazib, “Qahramon ona” bo‘ldi. Farzandlarini jamiyatning faol a’zolari qilib tarbiyaladi.

Ha, har bir inson mehnati, imon e’tiqodi bilan o‘z nomini abadiylikka muhrlaydi. Bu esa unga ikkinchi umrni hadya etadi. O‘zining ezgu ishlari bilan yuraklarda yashaydi. Bunga Usmon ota Eshbekovning hayot yo‘li yorqin misol bo‘la oladi. 

O‘tgan yili Usmon Eshbekov tavalludiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan u yashagan xonadonda uy-muzey tashkil etildi. Muzeydan jangchining harbiy formasi, olgan unvon, medallari, suratlari va kitoblar joy olgan. Hatto oilaviy shajarasi, o‘sha davr ruhini aks ettiruvchi ro‘zg‘or buyumlari ham bor.

Shu kunlarga qadar biz urush dahshatlarini janglarda ishtirok etgan hamyurtlarimizning hikoyalaridan tinglar edik. Ammo, ularning safi kun sayin kamayib boryapti. Ishtixon tumanida o‘tgan yili urushning so‘nggi ishtirokchisi olamdan o‘tganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu xotiralarni bugungi va kelajak avlod uchun asrash, buning uchun ulardan qolgan xotiralarni tarixga muhrlash nechog‘lik muhim ekanini yanada chuqur his etish qiyin emas. 

Sanoqli kunlardan so‘ng dunyoni larzaga solgan ikkinchi jahon urushi nihoyasiga yetganiga 78 yil to‘ladi. Ammo, u qoldirgan jarohatlar hali hanuz unutilmaydi, unutilmasligi ham kerak. Bu jarohatlar har lahzada insoniyatga tinchlik naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini eslatib turadi. 

Shu o‘rinda urush va mehnat faxriysi Usmon ota Eshbekovning farzandlari sa’y-harakati bilan tashkil etilgan u kishining uy muzeyi jamiyatimiz hayotida, yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin tutadi.

Bu yil ham qishloq aholisi 9-may – Xotira va qadrlash kuni tadbirlarini ana shu uy-muzeyini ziyorat qilishdan boshlashdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi, Mudofaa vazirligining Samarqand harbiy okrugi, viloyat Nuroniylar kengashi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat matbuot boshqarmasi, tuman hokimligi hamda OAV vakillari, hududda istiqomat qiluvchi faxriylar ishtirok etdilar. 

Mehmonlar dastlab bir yil davomida yanada boyitilgan uy muzeyidagi ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdilar. Bu yerdagi qaydlar daftariga dastxatlar yozishdi.

Tadbirda so‘z olganlar “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, ushbu muzeyning tarixiy ahamiyati va yurtdoshlarimiz hayotida tutgan o‘rni haqidagi fikrlarini yig‘ilganlar bilan o‘rtoqlashdi. Shundan so‘ng, harbiy orkestr musiqalari ostida askarlarning harbiy chiqishlari namoyish etildi. Ular tomonidan Milliy Armiyamizning bugungi qudratini aks ettiruvchi maxsus ko‘rgazmani o‘quvchi yoshlar va tadbir ishtirokchilari katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Yig‘ilganlar jangchi va uning oilasi haqida iliq gaplarni aytdi. Ayniqsa, Usmon Eshbekovning o‘g‘li, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi To‘lqin Eshbekning xizmatlarini e’tirof etishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi va tuman hokimligi tomonidan uy-muzeyga kitoblar sovg‘a qilindi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер