Urgutda “Tersak” turizm qishlogʻi tashkil etiladi

07:02 15 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1405 0

Samarqand viloyati Urgut tumanida masʼullar tomonidan “Tersak” turizm qishlogʻini tashkil etish boʻyicha mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Bu boradagi ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PF-5781-sonli Farmoni ijrosi yoʻlida amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Dilshod Narzikulov hamda Xalq deputatlari Urgut tuman kengashi deputati Q.Xasanovlar tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori yuzasidan olib borilishi rejalashtirilgan ishlar hamda turizm qishlogʻi, turizm xizmat koʻrsatish obyektlari, mehmon uylari va hunarmandchilik ustaxonalarini tashkil etishga doir qoʻyiladigan zarur talablar, hukumat tomonidan belgilangan turli imtiyozlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Viloyatga tashrif buyuradigan mehmonlarga xizmat koʻrsatuvchi etno, agro, eko, togʻ turizmi hamda madaniy-tarixiy va mahorat darslari obyektlarini tashkil etish yuzasidan hudud aholisi salohiyati yetarli ekanligi borasida soʻz yuritildi. Uchrashuvlarda mutasaddi tashkilot vakillari tomonidan 40 ga yaqin xonadon sohiblarining kredit, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, davlat xizmatlaridan foydalanish, soliq, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, elektr-energiya hamda mobil aloqa sifatini yaxshilashga doir muammo va takliflari yuzasidan birgalikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Urgut tumanining Qoratepa suv ombori hududida tashabbuskor tomonidan tashkil etilayotgan loyiha qiymati 2 mln. dollar miqdoridagi turizm rekreatsion zonasida mehmonlarga yana-da qulaylik yaratish maqsadida kempinglar qurish ishlari boshlangani hamda belgilangan muddatlarda ishga tushirilishi taʼkidlab oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер