Urgut tumanidagi yoʻllar kengaytirilmoqda
Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida Urgut tumanidagi tosh va tuproq yoʻllar taʼmirlanib, asfalt yotqizilmoqda. Shu paytgacha Doʻstlik, Chagʻizmon, Mergancha, Sariqtepa mahallalaridagi yoʻllar, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi koʻchalar zamon talablari darajasida taʼminlanib, yangicha koʻrinish oldi.
4R-47 “Bulungʻur shahri – Urgut shahri – M-39” avtomobil yoʻlining M-39 avtomagistralidan Urgut tumani markazigacha boʻlgan qismi tegishli dastur asosida 2018-2019-yillarda kapital taʼmirlangan edi. Ayni paytda ushbu yoʻlni yana olti metrga kengaytirish ishlari boshlandi. Bu yumushni “Bogʻishamol yoʻllardan muntazam foydalanish” korxonasi yoʻlsozlari amalga oshirmoqda.

— Dastlabki bosqichda joriy yilning oktyabr oyiga qadar 8 kilometr yoʻlni kengaytirish rejalashtirilgan, - deydi korxona rahbari Alisher Hasanov. — Hozirda oʻndan ortiq texnikamiz yordamida belgilangan loyiha asosida qurilish ishlarini olib boryapmiz. Yoʻlning kengaytiriladigan qismidagi tuproq asos olinib, tosh toʻshalmoqda.
Mazkur yoʻlning Urgut shahridan oʻtuvchi 2,3 kilometridagi taʼmirlash ishlari “Urgut tuman yoʻllardan foydalanish” davlat unitar korxonasi tomonidan bajarilmoqda. Korxona rahbari Eshmamat Abloyorovning taʼkidlashicha, bu yerda yoʻlga yangidan asfalt yotqizish bilan birga irrigatsiya tizimini yangilash, piyodalar yoʻlaklari va koʻcha atrofini obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring