Urganchda texnopark qurilishiga start berildi
Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Xorazm viloyatining Urganch tumanida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnoparkda dastlabki investitsiya loyihalari qurilishiga start berildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Xorazm viloyati hokimligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi rahbariyati, “Eltech Industrial” texnoparki, loyiha tashabbuskorlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
— Hududlarda ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy kompaniyalarni keng jalb etish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etishga qaratilgan bu kabi yirik sanoat majmualari bugun mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim “drayveri”ga aylanib bormoqda, — deydi “Eltexsanoat” uyushmasi raisi oʻrinbosari Jahongir Jamalov. — Prezidentimizning 2024-yil 10-yanvar kuni qabul qilingan “Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Eltech Industrial” texnoparki faoliyati kengaytirilib, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida uning alohida filiallari tashkil etildi va bugungi kunda ushbu loyihalarning qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, Prezidentimiz raisligida joriy yil 5-sentyabr kuni oʻtkazilgan elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiya hajmini koʻpaytirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida texnoparklarning yondosh yoʻnalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi taʼkidlangan edi. Buning uchun Ohangaron, Fargʻona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratilishi va bu yoʻnalishdagi aniq loyihalar uchun “tayyor bino” qurilib, sanoat ipotekasi shartlarida kredit hisobiga tadbirkorlarga berilishi belgilab qoʻyildi. Endilikda ushbu korxonalarga elektrotexnika korxonalari kabi mol-mulk va foyda soligʻidan 50 foizgacha imtiyoz berilishi ham koʻzda tutilgan.

— Urganch tumanida barpo etilayotgan texnoparkning umumiy maydoni 4 gektarni tashkil qilib, uni infratuzilma bilan taʼminlash boʻyicha manzilli dastur tasdiqlangan va dastlabki 2 ta loyihaning qurilishiga start berildi, — deydi Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari Anvar Davletov. — Jumladan, loyiha qiymati 4,5 mln dollar boʻlgan “Mega Elektro apparat elektroshit” korxonasi tomonidan yiliga 10 ming tonna kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqarilib, 60 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi, 2 mln dollarlik mahsulot ekosportga yoʻnaltiriladi. Qiymati 2 mln dollarlik “Har xil turdagi suv tozalash filtrlarini ishlab chiqarish” loyihasi “Eko Qoʻmpani Ilmiy Ishlab-Chiqarish” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi. Uning yillik quvvati 1 mln dona hisoblanib, qoʻshimcha 70 ta ish oʻrni yaratiladi, qariyb 1 mln dollarlik mahsulot xorijga eksport qilinishi koʻzda tutilgan. Ushbu loyihalar “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan loyiha tashabbuskorlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Tasdiqlangan bosh rejaga koʻra, texnopark hududida ijtimoiy infratuzilma obyektlari davlat-xususiy sherikchilik asosida joylashtirilishi ham koʻzda tutilgan. Albatta, bu ishlarni amalga oshirishda kadrlar masalasiga ham alohida ahamiyat beriladi. Bunda, birinchi navbatda, Texnopark hududida dual taʼlim asosida mutaxassislar tayyorlash, malakasini oshirish uchun monomarkazlar va oʻquv xonalari, laboratoriyalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring