Urganch shahrida “Tadbirkorlar uyi” ish boshladi

19:15 01 Fevral 2023 Jamiyat
985 0

Foto: Xalq so‘zi

Xorazm viloyati markazida tadbirkorlarning muammo va takliflari, murojaatlarini oʻrganish hamda ularga samarali yechim topish maqsadida “Tadbirkorlar uyi” tashkil qilindi. Bu yerda istiqbolli loyihalar, biznes rejalar ishlab chiqiladi, tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olish hamda vaqtini tejash maqsadida tijorat banklari, Davlat xizmatlari markazi, qurilish, arxitektura va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari doimiy faoliyat olib boradi. Shuningdek, tadbirkorlar muammoli masalalar boʻyicha viloyat hokimiga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilishlari uchun maxsus Telegram bot va yagona aloqa markazi ishga tushirildi.

Yana bir eʼtiborli jihati, Xorazm viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Joʻrabek Rahimov haftaning maʼlum kunlari “Tadbirkorlar uyi”da biznes vakillarining murojaatlarini tinglab, muammoli masalalarni hal qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

— Yaqinda dunyoning turli burchaklarida biznes bilan shugʻullanayotgan xorazmlik yirik tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil qildik, — deydi Savdo-sanoat palatasining Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Qudrat Igambergenov. — Bunday muloqotlarni koʻpaytirish, xususiy biznesni rivojlantirishda ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish, viloyat iqtisodiyotiga yoʻnaltiriladigan sarmoyalar oqimi sezilarli darajada oshirish asosiy maqsadimizga aylangan.

Maʼlumot uchun. Xorazm viloyatida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarining dastlabki manzilli roʻyxati shakllantirildi. Unga koʻra, qiymati 13 trillion soʻm boʻlgan 947 ta loyiha amalga oshirilishi hisobiga 23 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер