Urganch davlat universiteti 90 yoshda
Xorazm vohasining ilmiy-maʼrifiy hayotida muhim oʻrin tutgan, boy tarix va mustahkam anʼanalarga ega Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti 90 yoshga toʻldi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbir va universitet tarixi muzeyining ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yurtimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, taniqli olimlar, shuningdek, xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar ishtirok etdilar. Soʻzga chiqqanlar universitetning shonli tarixi, mamlakatimiz ilm-fani va taʼlim tizimi rivojidagi oʻrni haqida toʻxtaldilar.

Toʻqson yillik tarix – bu mehnat, izlanish va yutuqlar solnomasi. Universitet ilk faoliyati davomida asosan oʻqituvchilar tayyorlashga ixtisoslashgan boʻlsa, keyinchalik bosqichma-bosqich rivojlanib, koʻp tarmoqli oliy taʼlim muassasasiga aylandi. Oʻtgan yillar davomida moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, yangi oʻquv binolari, ilmiy laboratoriyalar va axborot-resurs markazlari barpo etildi. Bugungi kunda zamonaviy auditoriyalar, raqamli texnologiyalar va innovatsion taʼlim usullari taʼlim jarayoniga keng joriy qilingan. Professor-oʻqituvchilar tomonidan fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda. Universitet xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirib, akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirmoqda. Urganch davlat universiteti bitiruvchilari bugungi kunda mamlakatimizning turli sohalarida samarali mehnat qilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, olimlar, pedagoglar, tadbirkorlar va sanʼat namoyandalari bor.

- Hurmatli Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, universitetlar — hududlar taraqqiyotining ilmiy va intellektual markaziga aylanishi kerak, -deydi Urganch davlat universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Sardor Xoʻjaniyozov. – Universitetimiz aynan mana shu yuksak vazifani sharaf bilan ado etib, viloyatimizning ilmiy-intellektual salohiyatini oshirishga munosib hissa qoʻshmoqda.Universitetda olib borilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik loyihalari, yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash tashabbuslari Xorazmning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Bu esa kelajakda viloyatimizni nafaqat agrar yoki sanoat hududi, balki ilm-fan va innovatsiyalar markazi sifatida tanitishga zamin yaratadi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring