Universitet va institutlarda avtoturargohlar yetarlimi?

10:58 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
1894 0

Bugun Samarqand shahridagi qaysi oliy oʻquv yurtiga borsangiz, atrofdagi koʻchalarda qatorlashib turgan yengil mashinalarni koʻrasiz...

- Darsga avtobusda kelsak ancha vaqt yoʻqotamiz, - deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabalaridan biri. - Chunki avtobus koʻchalardagi tirbandlik sabab juda sekin yuradi. Yotoqxonalarda esa joy yetishmaydi. Samarqand shahrida ijarada turgandan koʻra shaxsiy mashinada tumandan qatnash arzonga tushadi.

Biroq institutda avtomobillar turargohi yoʻqligi uchun mashinamizni yoʻl chetiga qoʻyib ketishga majburmiz.

Xoʻsh, Samarqand shahridagi universitet va institutlarda avtoturargohlar chindan ham muammomi? Agar bunday ogʻriqli masala boʻlsa, uning yechimi nima boʻlyapti? Bu borada xorijda qanday tajribalar mavjud, ularni bizda qoʻllash mumkinmi?

Qaysi oliy oʻquv yurtida avtoturargoh bor?

Viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ayni vaqtda Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida keng koʻlamdagi kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda bu yerda oʻnga yaqin hududda 1000 kvadrat metr maydonda avtomobillar turargohi tashkil etiladi.

Shuningdek, “Ipak yoʻl” xalqaro turizm universiteti hududidan ham 20 dan ortiq avtomobillar uchun turargoh qurilar ekan. Samarqand davlat universitetining Sartepa maskanida joylashgan yadro fizikasi laboratoriyasi ham Investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilinib, hududda 1100 kvadrat metrli avtoturargoh tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, Samarqand davlat tibbiyot instituti yangi binolari oldida 20-30 ta avtomobilni vaqtincha qoʻyish uchun joy ajratilgan.

Samarqand davlat chet tillar instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialini bu borada muammosi yoʻq, deb hisoblash mumkin. SamDCHTI qarshisida mehmonxona qurilgan davrda 40-50 ta avtomashina joylashtirishga yetarli maydon qoldirilganligi va TATU Samarqand filialining yangi binosi uchun keng joy tanlanib, hovlida 50-60 ta avtomobil uchun yer maydoni mavjudligi qaysidir maʼnoda bunga asos boʻlmoqda.

Avtoturargoh uchun joy yoʻq

Yuqoridagi kabi holatlarni nafaqat Samarqand davlat universitetida, balki Samarqand veterinariya meditsinasi, Samarqand iqtisodiyot va servis institutida ham uchratish mumkin.

Birgina Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga kelayotgan oʻqituvchi va talabalar avtomashinalarini Shohruh koʻchasida “Marmar” bozori oldidan, Universitet xiyobonigacha boʻlgan masofada qoldirishga majbur. Kamol Otaturk koʻchasida ham tanga tushgudek joy qoldirishmaydi.

Viloyat bosh arxitektori Bobur Elmurodovning aytishicha, Samarqand shahridagi deyarli barcha oliy oʻquv yurtlari oʻtgan asrda barpo qilingan. Tabiiyki, oʻsha davr sharoitidan kelib chiqib, avtomobillar turargohi barpo qilinmagan. Bugun esa deyarli har ikki odamning birida avtomashina mavjud va bu albatta, universitet va institutlarda avtoturargohlar tashkil qilishni taqozo qilmoqda.

- Biroq bir narsani yoddan chiqarmaslik kerak, - deydi B.Elmurodov. – Aksariyat oliy oʻquv yurtlarida ortiqcha yer maydoni yoʻq. Qolaversa, aksariyat institut va universitetlar Samarqandning tarixiy qismida joylashgani uchun ularga qoʻshimcha joy ajratib, avtoturargoh qurishning iloji boʻlmayapti.

Muammoni kim hal qiladi?

- Oliy oʻquv yurtlari avtomobil turar joylari yoʻqligi bois oʻqituvchi va talabalarning shaxsiy mashinalari shaharda yoʻlovchi transporti qatnovida bir qator muammolarni keltirib chiqarayotgani rost, - deydi Samarqand shahar hokimining oʻrinbosari Rustam Olimov. - Ammo hozirgacha biror bir universitet yoki institut bizga avtoturargoh uchun yer ajratish toʻgʻrisida murojaat bilan chiqqani yoʻq.

Koʻrinib turibdiki, shahar hokimligi muammoning mavjudligini bilgani holda, uni hal qilish uchun kimdir murojaat qilishini kutmoqda. Vaholanki, aslida bu borada hokimiyat tomonidan chora-tadbirlar koʻrilishi lozim emasmi? Umuman, mahalliy hokimliklar muammoning asoratini emas, tub sabablarini oʻrganish va hal etishga eʼtibor qaratishni qachon oʻrganar ekan?!

Shaharda tartibli va qulay jamoat transport xizmatining yoʻlga qoʻyilishi ham institut va universitetlar oldidagi tirbandliklarning oldini olishga xizmat qilmaydimi?

Oʻqituvchi va talaba teng huquqli emasmi?

Eʼtibor qilsangiz, bizda universitet yoki institut oʻqituvchisi va talaba orasida katta farq bor. Aniqroq aytganda, oliy oʻquv yurtida taʼlim beruvchilarga yaxshiroq sharoit yaratib berishga harakat qilinadi.

Samarqand shahridagi istalgan oliy oʻquv yurtidagi ahvolni oʻrganib koʻrishingiz mumkin: talaba oʻqishga avtomobilda kelib, uni qulay joyda qoldirib ketish imkoniyati yaratilmagan.

- Hozir nafaqat oʻqituvchilar, balki talabalar ham darsga shaxsiy mashinalarida kelishadi, - deydi SamDU oʻqituvchilaridan biri. – Ular barvaqt kelib, oʻqituvchilar mashina qoʻyadigan maydonchalarga oʻz ulovlarini joylashtiradi. Oqibatda oʻqituvchilar butun xiyobonni aylanib, mashina qoʻyishga joy qidirib darsga kech qolmoqda. Ayrimlar hatto joy talashib janjallashishga ham bormoqda. Bu kichik masala boʻlsa ham oʻz yechimini topmasa, koʻpgina muammolar keltirib chiqmasligi uchun kim kafolat beradi? Chunki bundan keyin istaymizmi-yoʻqmi mashinalar soni koʻpayib boraveradi.

Toʻgʻri, sharoit imkon darajasida yaratilyapti. Ammo tashkil qilingan avtomobillar turargohida institut yoki universitet oʻqituvchilari avtoshinasidan joy ortib qoladimi? Afsuski, yoʻq. Chunki hozircha shahri azimdagi oliy oʻquv yurtlari ichida eng katta avtoturargohlar SamDAQI va TATU Samarqand filialida ekanligini hisobga olsak, ularda ham nari borsa 100 tagacha avtomashina qoʻyish mumkin. Demak, oʻqituvchilarning ham hammasi ishga shaxsiy avtomobilida kelishi shart emas...

Sharoit va imkoniyat haqida hozircha orzu qilmang

Darhaqiqat, shunday. Negaki, Samarqand shahridagi qaysi institut yoki universitetda avtomobillar turargohi tashkil qilingan boʻlsa, unda zarur sharoit yoʻq. Misol uchun, birorta oliy oʻquv yurtining hovlisida tashkil qilingan avtomobillar turargohida hech kim mashinalar tartib bilan qoʻyilishi va xavfsizligi uchun javob bermaydi.

Boz ustiga birorta avtoturargohda mashinalar uchun quyoshning issigʻidan yoki yogʻingarchilikdan himoya haqida gapirish ortiqcha. Yaʼni avtoturargoh deyilgan maydonlar shunchaki asfalt qilingan, xolos. Hafsala qilinsa, belgilangan tartibda oq chiziqlar chizib chiqiladi.

Umuman, institut yoki universitet atrofida avtomobillar turargohi oʻquv binosidagi joriy yoki kapital taʼmirlash jarayonida obodonlashtirish ishlarining bir qismi sifatida amalga oshiriladi. Demakki, aynan shu masala uchun muayyan mablagʻ ajratilib, turargohni qay yoʻsinda barpo qilish belgilanmaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻqituvchi yoki talaba yoʻl chetida qoldirilgan mashinasining xavfsizligi qanchalik kafolatlanmagan boʻlsa, universitet yoki institut hududida turgan mashinaga tugʻilishi mumkin boʻlgan xavf unikidan kam emas.

Yangilik kiritish, zamonaviy fikrlash bizga emasmi?

Taniqli jurnalist Sharofiddin Toʻlaganov ijtimoiy tarmoqlarda AQSHga safari haqida yozib, sayohatning eng yodda qoladigan qismi soʻzsiz Kaliforniya Devis universiteti (UC Davis)da boʻlganligini eʼtirof etgan. Universitet hovlisidagi avtomobillar turargohi (parking) jurnalistning eʼtiborini tortgan. Chunki uning tomi juda ham qalin boʻlgan. Maʼlum boʻlishicha, avtoturargohdan ham avtomobillar boshpanasidan tashqari, quyosh energiyasidan elektr olishda ham foydalanilar ekan. Olingan elektr energiyasi universitetning ehtiyojini taʼminlashga bemalol yetarkan. Qoyil qolmaslikning iloji yoʻq, shunday emasmi?

Endi oʻzingiz ayting, biz qachongacha qoyil qolib yuramiz? Qachon bizga qoyil qolishadi? Mayli, qoyil qolishmasin, ammo qachon zamonaviy standartlar asosida ish olib boramiz?

Afsuski, imkoniyatdan unumli foydalanish, mavjud resurslarni oqilona sarflab, yangi imkoniyatlar qidirish hozircha institut va universitetlarimiz mutasaddilarining xayoliga kelgani yoʻq. Basharti shunday boʻlmaganida shu paytgacha oliy oʻquv yurtlari atrofida avtoturargohlar barpo etish faqat rekonstruksiya davrida viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilmagan boʻlardi.

Zamonaviy avtoturargoh kerakmi?

Bizningcha, kerak. Afsuski, hozircha Samarqand shahrida yangicha uslubdagi va koʻpgina qulayliklarga ega avtomobillar turargohi barpo etilgani yoʻq. Balki shuning uchun bu toʻgʻrisida deyarli tasavvurga ega emasmiz.

Kuzatishlarimiz natijasiga koʻra, koʻp qavatli avtoturargohlar qurish uchun katta mablagʻ sarflanadi, degan hadik deyarli hammani xorijdagilarga oʻxshash avtoturargohlar tashkil qilish uchun mablagʻ ajratishdan toʻxtatib turibdi.

Toʻgʻri, bir vaqtlar xalq tilida “Yangi bozor”, deb yuritiladigan savdo kompleksi yaqinida koʻp qavatli avtoturargoh qurilyapti, degan xabarlar paydo boʻlgandi. Ammo bugun qurilish ishlari ayrim sabablarga koʻra, toʻxtab qolgan.

Maʼlumotlarga koʻra, Samarqand shahrida qurilajak Muz saroyi yonida chet eldagidan qolishmaydigan avtoturargoh binosi qurilishi rejalashtirilgan. Demak, bu ish oʻzini oqlaydi va uni yoʻlga qoʻyish mumkinligini mutasaddilar tushunib yetgan koʻrinadi. Bu esa yaqin oʻrtada “parkovka” masalasida ijobiy oʻzgarish kuzatilishidan darak beradi.

Urgut tumanida xitoylik tadbirkorlar tomonidan koʻp qavatli avtoturargoh qurilayotgani ham bu faoliyatning istiqboli borligini koʻrsatib turibdi. Axir Chin yurti ishbilarmonlari foyda kelmaydigan biznesga pul tikmasligi har tong quyosh Sharqdan chiqishi kabi ayon haqiqat-ku.

Oliy oʻquv yurtlari xususiy biznes bilan sheriklikka oʻtsa-chi?

Keyingi yillarda barcha institut va universitetlarda talabalar qabul kvotasi koʻpaymoqda. Bu tabiiyki, shaxsiy avtomobilida qatnaydigan talabalar sonining yanada oshishiga sabab boʻladi.

Bizningcha, birinchidan, shahrimizda jamoat transportini yangicha, zamonaviy koʻrinishda tashkil qilishni oʻylab koʻrish kerak. Eng muhimi, universitet va institutlar uchun yangi oʻquv binolari qurish, buning uchun tadbirkorlar bilan sherikchilikni yoʻlga qoʻyish kerak.

Qolaversa, tadbirkorga qurilajak binoning muayyan qismini avtoturargoh uchun moʻljallash talabi qoʻyilsa, ham oʻqituvchi, ham talabalarga qulaylik yaratiladi. Bu talabalar soni koʻpayib, sharoiti bunga yetmayotgan oliy oʻquv yurtlarida muammoning yechimi boʻlishi tabiiy. Balki shunda talabalar uchun “parkovka” ham, shahardan boshqa hududdan boʻlgan talabalar va oʻqituvchilar uchun turar joy ham tashkil qilinadi.

Bu bizning taklifimiz edi. Siz nima deysiz?

Dilmurod TOʻXTAYEV,

Yoqub GADOYEV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер