“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning oliy taʼlim muassasalarida ijro etilishi holati oʻrganildi
Joriy yil 31-mart kuni kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlashga oid qismi Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalarida ijro etilishi holatini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish, harbiy harakatlar davrida qoʻshinlarni malakali komandirlar bilan oʻz vaqtida toʻldirish, harbiy hisob ixtisosliklarini mustahkamlash hamda zamonaviy qurol-aslahalarni boshqara oladigan yuqori malakali ofitserlar tarkibini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Milliy universiteti Harbiy tayyorgarlik oʻquv markazi va Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogik universiteti Harbiy taʼlim fakultetida amaldagi qonunchilikka muvofiq 33 ta yoʻnalish boʻyicha 1 068 nafar rezerv va zaxiradagi ofitser tayyorlanmoqda.
Zamonaviy tahdidlarni hisobga olgan holda rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi takomillashtirilib, mavjud oʻquv dasturlari zamonaviy urushlar tajribasi asosida boyitilgan. Shu bilan birga, Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jang olib borishning yangi usullari, zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, robotlashtirilgan vositalar hamda oʻq-dorilar va ulardan himoyalanish usullari oʻquv jarayoniga joriy etilgan.
Bundan tashqari, taʼlim muassasalarida zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturlari talablarini toʻliq bajarish maqsadida 200 dan ortiq oʻquv moddiy-texnik bazalar yaratilgan va jihozlangan.
Mudofaa vazirligi harbiy qismlari va muassasalari oʻquv bazalari hamda dala-oʻquv maydonlarida oʻquv yigʻinlari va amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha zarur choralar koʻrilgan. Shu bilan birga, mazkur amaliy mashgʻulotlar jarayonida zamonaviy qurol-aslahalar namunalaridan foydalanish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Harbiy tayyorgarlik boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan va bakalavriat taʼlimini toʻliq tamomlagan talabalarga belgilangan tartibda “leytenant” harbiy unvoni berilib, ular haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilmoqda yoki rezerv hamda zaxira safiga oʻtkazilmoqda.
Shu bilan birga, olib borilgan oʻrganishlar, aholi bilan muloqotlar, qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi holati hamda huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili sohada ayrim muammo va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, harbiy tayyorgarlikdan oʻtish istagida boʻlgan xotin-qizlar soni koʻpayib borayotgan bir sharoitda ularning bu boradagi huquqlarini kafolatlovchi asoslar yetarli emas. Jumladan, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning 16-moddasida oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimida oʻqiyotgan faqat erkak talabalari harbiy tayyorgarlikdan oʻtishlari belgilangan.
Harbiy taʼlim fakultetlariga oʻqishga qabul qilinadigan talabalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish mexanizmlari ham aniq belgilanmagan, ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonida hududiylik prinsiplariga aniqlik kiritilmagan.
Senatorlar bu kabi muammolarni hal etish maqsadida amaldagi qonun hujjatlarini chuqur tahlillar asosida oʻrganib, takomillashtirish masalasini koʻrib chiqish yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, probatsiyani amalga oshirish sohasidagi qonun hujjatlarida jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat qilish mexanizmlari va nazorat subyektlarining bu boradagi vazifalari toʻliq belgilanmagani mazkur munosabatlarni huquqiy jihatdan yanada aniq tartibga solishni talab etmoqda.
Mazkur Qonun aynan shu maqsadlarga xizmat qilib, shartli ozod qilingan shaxslar ustidan samarali probatsiya nazoratini oʻrnatishga, ular tomonidan qayta huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishining oldini olishga, shuningdek tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Umumiy mukofot jamgʻarmasi 700 ming yevro boʻlgan shaxmat turniri yakunlandi
- Oʻzbekistonda steyblkoinlardan toʻlov vositasi sifatida foydalanish mumkin boʻladi
- Shavkat Mirziyoyev madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi
- Prezident uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Eron mamlakat rahbariyatining oʻldirilishi uchun AQSH va Isroilni javobgarlikka tortmoqchi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring