Ulugʻbek – innovatsion laboratoriya ixtirochisi

17:28 21 Iyun 2022 Jamiyat
614 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan davlat universiteti fizika kafedrasi oʻqituvchisi Ulugʻbek Turdaliyev mamlakatimizda ilm-maʼrifat sohasini rivojlantirish yoʻlida yaratilayotgan bemisl imkoniyatlardan unumli foydalanib kelayotgan ixtirochi yoshlardan biri. Muvaffaqiyatlari eʼtirof etishga arzigulik bu yigit umumtaʼlim maktablarida fizika fanini chuqur oʻqitishga yoʻnaltirilgan ixtirosi bilan koʻpchilikning eʼtiboriga tushdi. Keling, bu xususda soʻz yuritishdan avval qahramonimizni yaqindan tanishtirib oʻtsak.

Ulugʻbek Turdaliyev 1995-yilda Pop tumanida tugʻilgan. Avval tumandagi 51-umumtaʼlim maktabini, soʻngra 2-sonli akademik litseyni tamomlagan. Namangan davlat universiteti fizika yoʻnalishiga yuqori oʻrinda davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan.

  • Bitiruv malakaviy ishim yuzasidan Andijonda oʻtkazilgan astronomiya boʻyicha amaliy seminarda ishtirok etib, olgan taassurotlarim natijasida birinchi texnik ishlanmam - optik teleskopni yasadim, — deydi Ulugʻbek talabalik yillarini xotirlarkan. — Universitetni tamomlab, magistraturada tahsilni davom ettirdim. Oʻqish davomida texnik ishlanmalarga boʻlgan qiziqishim sabab koʻplab amaliy yarmarka va seminarlarda qatnashdim.

Bu vaqtga kelib Ulugʻbek universitet yoshlari orasida ancha tanilib ulgurgan edi. Shu boisdan magistraturani tamomlagan yosh mutaxassis universitetning fizika kafedrasiga ishga qabul qilindi.

  • Magistraturadagi tahsil chogʻida viloyatdagi maktablarda fizika fani qay tarzda oʻqitilayotganini oʻrgandim, — deydi Ulugʻbek. – Oʻzim oʻsib-ulgʻaygan Pop tumaniga bordim. Maktablarda fizika fanini oʻqitishda asosiy muammo - bu oʻquv laboratoriyalarining yetishmasligi, baʼzi joylarda esa umuman yoʻqligi edi. Muammoning bosh sababi, tabiiyki, oʻquv laboratoriyalari chet eldan katta mablagʻ hisobiga keltirilishi bilan bogʻliq. Bu meni juda taʼsirlantirdi. “Oʻzbekistonda ham oʻquv laboratoriyalarini ishlab chiqarsa boʻlmaydimi?” dedim oʻzimga oʻzim. “Men Oʻzbekistonda birinchi boʻlib laboratoriya kompleksini yarataman va mening qurilmam universal boʻladi”, deya ahd qildim. Buning uchun koʻp oʻqidim, izlandim. Xorij laboratoriyalarini koʻrdim, maktab oʻquv adabiyotlarini qayta oʻrganib chiqdim. 3D modellashtirish dasturini oʻzlashtirish uchun haftalab Internetdan boshimni koʻtarmadim. Va nihoyat, oradan bir yil oʻtib, qurilmamning birinchi koʻrinishi tayyor boʻldi.

Yosh tadqiqotchi ushbu loyihasini dastlab Innovatsion rivojlanish vazirligining “Boʻlajak olim” tanloviga topshirdi va tanlovda gʻolib topilib, 13 853 000 soʻm mablagʻ bilan moliyalashtirildi.

— Bu mablagʻ evaziga men kerakli texnika va qurilmalarni xarid qilib, laboratoriya komplektining yangi universal koʻrinishini yaratdim. Komplekt toʻlaqonli mobil holatda boʻlib, doimiy elektr energiyasi va oʻquv xonasini talab etmaydi, 6 ta laboratoriya ishi va xorij analoglaridan ustun holda 4 ta namoyish tajribasini bajarish imkoniyati mavjud. Ayni jihatlari foydalanuvchiga juda katta qulaylik yaratadi. Bundan tashqari xorij analoglaridan bir necha bor arzon. Endi mening oldimda turgan masala yangilikni ommalashtirish edi. Shu maqsadda qator yarmarka va seminarlarda ishtirok etdim. Joriy yilning 12-aprelida Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda eng kuchli fizika fani oʻqituvchilari uchun yaratgan komplektimning seminar namoyishi oʻtkazildi. Koʻpchilik ishtirokchilar maktab bilan kelishgan holda sotib olish taklifini ham bildirdi. Shundan soʻng viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi qurilmani homiylik mablagʻlari xisobidan sotib olishi mumkinligini bildiruvchi xat qilib berdi. Menda juda katta motivatsiya uygʻondi.

Bu boshlanishi edi. Oradan koʻp oʻtmay, Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning talaba-yoshlar bilan oʻtkazgan uchrashuvi Ulugʻbek uchun yana bir katta imkoniyat boʻldi. Uning ixtirosi bilan tanishgan viloyat rahbari laboratoriya koplektini maktablarga joriy etish taklifini qoʻllab-quvvatladi va masʼullarga viloyatdagi 12 ta fizikaga ixtisoslashtirilgan maktablarga homiylik mablagʻlari hisobidan yetkazish topshirigʻini berdi.

— Shunday qilib ilmiy izlanishlarim mevasi amaliyotda keng oʻrin topadigan boʻldi, —  deydi Ulugʻbek Turdaliyev. — Endigi niyatim “Namangan” brendi asosida respublikamizda yagona innovatsion laboratoriya ishlab chiqaruvchi katta korxonani tashkil etishdir.

Sanjarbek HAMIDOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер