Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi boʻyicha fatvosi eʼlon qilindi
Xabaringiz bor, shu kunlarda butun dunyoda koronavirus infeksiyasining tarqalishi katta tahdidga aylandi. Bugungi kunda yurtimizda ham ushbu kasallik yuqqan fuqarolar aniqlandi.
Kuni kecha Bosh vazirimiz Abdulla Aripov boshchiligida koronavirus mavzusiga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi.
Ushbu kasallikni keng tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar toʻliq amalga oshirilmoqda. Xususan, turli ommaviy tadbirlar, sayllar, oʻyinlar bekor qilindi. Shuningdek, Hukumatimiz tomonidan barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni oʻtkazishni vaqtincha cheklash boʻyicha tavsiya etildi.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi shoshilinch yigʻilishini oʻtkazdi. Yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning fatvo va xulosalari oʻrganildi. Quyidagi fatvo qabul qilindi.
بِسْمِ اللَّـهِ الرَّحْمَـٰنِ الرَّحِيمِ
اَلْحَمْدُ لله رَبِّ الْعَالَمِينَ وَالْعَاقِبَةُ لِلْمُتَّقِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِ الله محمد وَ عَلَى آلِهِ وَ أَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ أَمَّا بَعْدُ
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha
FATVOSI
Dinimizda insonning joni, eʼtiqodi, aqli, moli va obroʻsini saqlash muhim asoslardan biridir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariat oʻz koʻrsatmalarini insoniyatga yengillatadi.
Maʼlumki, bugungi kunda jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirus – COVID-19 ni pandemiya deb eʼlon qildi. Ushbu kasallik asosan, havo-tomchi, qoʻl berib soʻrashish kabi holatlarda yuqadi. Shunday ekan, jamoa boʻlib toʻplanish holatlari ushbu xatarli virusning tarqalishiga sabab boʻlmoqda. Bunday vaziyatda quyidagi oyat, hadis va sharʼiy qoidalarda koʻrsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi: Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday bayon qiladi:
وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ وَأَحْسِنُوا إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ
yaʼni: “Oʻzingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta Alloh ehson qiluvchilarni xush koʻradir” (Baqara surasi, 195-oyat).
Bu oyatda halokatga sabab boʻladigan ishlardan toʻxtashga buyurilgan.
Abu Saʼid Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
“لا ضرر ولا ضرار“ (رواه ابن ماجة والدارقطني )
yaʼni: “ Zarar berish ham va zarar koʻrish ham yoʻq” deganlar (Imom Moja, Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Demak, hadisi sharifda inson oʻziga yoki oʻzgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq boʻlishga buyurilgan.
Moʻtabar fiqhiy kitoblarimizda:
درء المفاسد مقدم على جلب المصالح
yaʼni: “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qoʻyiladi”.
المشقة تجلب التيسير
yaʼni “Mashaqqat yengillatishni talab etadi” kabi fiqhiy qoidalar keltirilgan. Shulardan kelib chiqib, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda oʻz koʻrsatmalarini yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi.
Shariatimiz koʻrsatmalariga koʻra, favqulodda vaziyatlar yuz berganda, masalan, qattiq shamol, izgʻirin sovuq boʻlganda masjid jamoatiga chiqmaslik uzr hisoblanadi. Bunga quyidagi hadis dalil boʻladi:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ الحَارِثِ، عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ، أَنَّهُ قَالَ لِمُؤَذِّنِهِ فِي يَوْمٍ مَطِيرٍ: “إِذَا قُلْتَ: أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، أَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، فَلَا تَقُلْ: حَيَّ عَلَى الصَّلَاةِ، قُلْ: صَلُّوا فِي بُيُوتِكُمْ“، قَالَ: فَكَأَنَّ النَّاسَ اسْتَنْكَرُوا ذَاكَ، فَقَالَ: “أَتَعْجَبُونَ مِنْ ذَا؟!، قَدْ فَعَلَ ذَا مَنْ هُوَ خَيْرٌ مِنِّي، إِنَّ الْجُمُعَةَ عَزْمَةٌ، وَإِنِّي كَرِهْتُ أَنْ أُحْرِجَكُمْ، فَتَمْشُوا فِي الطِّينِ وَالدَّحْضِ “ (رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)
yaʼni: Abdulloh Ibn Horis raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ibn Abbos raziyallohu anhu qattiq yomgʻir yoqqan kunda muazzinlariga shunday dedilar: “Ashhadu alla ilaha illalloh”, “Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh”ni aytganingizdan keyin “Hayya ʼalas solah”ni aytmang, balki uyingizda namoz oʻqinglar deb ayting”. Shunda baʼzi odamlar bundan norozi boʻlishdi. U zot: Bu gapimdan ajablandingizmi? Vaholanki, bu narsani mendan koʻra yaxshiroq Zot (yaʼni, Rasululloh) qilganlar. Albatta jamoat namozi qatʼiy hukmdir, lekin men sizlarni uylaringizdan chiqib, loy va balchiqlarni bosib yurishingizni xush koʻrmayman”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Maʼlumki, farz namozlarini jamoat bilan masjidlarda oʻqishga shariatimizda targʻib qilingan boʻlib, odamlarga qattiq sovuq, kuchli yomgʻir yoqqanda yoki insonlarga zarar yetkazadigan holatlarda jamoatga kelmasdan uyda oʻqishlari tavsiya qilingan.
Hadisi sharifda vabo chiqqan joyga kirmaslik, agar oʻsha yerda boʻlsa, u yerdan chiqib ketmaslik buyurilgan. Bu kasallikning oldini olish uchun eng yaxshi choradir. Buning ustiga jamoat joylari va boshqa katta tadbirlarda bu virusning tarqalish ehtimoli katta boʻladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi barcha musulmonlarni quyidagilarga chaqiradi:
1. Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari oʻrniga uyda peshin namozini oʻqisinlar. Shuningdek, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etsinlar.
2. Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda oʻqilsin.
3. Masjidlarda namoz vaqtini bildirish uchun azon oʻz vaqtida aytilsin.
4. Moʻmin-musulmonlar imkon qadar kasallikni tarqalishining oldini olishga oʻz hissalarini qoʻshsinlar.
5. Har bir musulmon ibodatlar va duolarda Alloh taolodan ushbu kasallikni daf qilishini soʻrab, ixlos bilan iltijo qilishlari lozim.
6. Dinimiz poklikka buyurar ekan, kasallikning oldini olish borasidagi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan koʻrsatmalarga qatʼiy amal qilish har bir musulmonning vazifasidir.
7. Karantin davrida masjidlar va tahoratxonalarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida davriy dezinfeksiya ishlari oʻtkazilsin.
8. Bunday vaziyatlarda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarni narxini oshirish, sunʼiy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi oʻrtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish sharʼan haromdir.
Ushbu fatvo virus aniqlangan musulmon mamlakatlar hamda boshqa oʻlkalardagi yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning ushbu masaladagi fatvo hamda xulosalarini hisobga olgan holda qabul qilindi.
Alloh taolo ushbu kasallikni tez kunlarda bartaraf etishini hamdaxalqimiz hayotini tinchlik va osoyishtalikda davom etishini nasibu roʻzi aylasin! Omin!
Milodiy: 16-mart 2020-yil.
Hijriy: 21 Rajab 1441-yil.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Ulamolar Kengashi
Bu ehtiyot choralari vaqtincha boʻlib, moʻmin-musulmonlarimiz toʻgʻri tushunishlari lozim. Epidemik holat barqaror boʻlgandan soʻng jamoat boʻlib ibodatlarimizni davom ettiramiz, insha Alloh.
Ayni vaqtda fuqarolarimizni karantin bilan bogʻliq holatni bosiqlik bilan qabul qilishga, turli asossiz vahimali xabarlarga ishonmaslik va tarqatmaslikka chaqiramiz. Shuningdek, tadbirkorlarimizdan fuqarolar uchun zarur oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa vositalarni narxini oshirmasliklarini soʻraymiz.
Fuqarolarimizdan yana bir karra hukumatimiz tomonidan koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarga qatʼiy itoat qilishlarini iltimos qilamiz.
Biz birgalikda va hamjihatlikda ushbu ofatni albatta yengamiz!
Alloh taboraka va taolo xalqimizni, yurtimizni turli baloyu-ofatlardan, turli kasalliklardan, jumladan, vabo kabi ofatlardan Oʻzi asrasin! Bemorlarga komil shifo bersin!
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring