Ukrainaning “gʻalaba rejasi” ishlaydimi? AQSH oʻz munosabatini bildirdi
Foto: Newsweek
AQSH rasmiylari Ukrainaning yangi taklif etayotgan “Gʻalaba rejasi”ga ishonch bildirdi. Bu haqda “Newsweek” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Rossiya bilan uzoq davom etgan mojaroga barham berish uchun ushbu loyiha eng samaralisi boʻlishi mumkin. Vashington Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan eʼlon qilingan reja “haqiqiy, adolatli tinchlik”ni taʼminlashga qaratilganini iddao qilgan.
Qayd etish kerakki, strategiyaning aniq tafsilotlari hali jamoatchilikka toʻliq oshkor etilmagan. AQSHning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Linda Tomas-Grinfild matbuot uchun brifing chogʻida Vashington bu rejani koʻrganini va uni amalga oshirish mumkinligiga ishonishini tasdiqladi.
Davlat kotibi Antoni Blinken ham yaqinda Ukrainaga qilgan tashrifi chogʻida rejaning ayrim qismlari bilan tanishgan. Zelenskiy rejaning 90 foizdan ortigʻi bajarilganini aytmoqda. Bu reja “harbiy, siyosiy, diplomatik va iqtisodiy” jihatlarni oʻz ichiga oladi va yaqin orada Ukraina ittifoqchilariga ham batafsil taqdim etiladi.
Kiyev hech qanday hududiy imtiyozlar yoki oʻt ochishni toʻxtatish rejaning bir qismi emasligini ochiq aytgan. Prezident devonining maslahatchisi Mixaylo Podolyak Ukraina Rossiya bilan vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlmasligini yana bir bor bildirgan. Ukrainaning fikricha, hozir oʻt ochishni toʻxtatish faqat Moskvaning kuchlarini qayta tiklab olishiga sabab boʻladi.
Ommaviy axborot vositalarida aksini koʻrsatayotgan mish-mishlarga javoban, Ukraina rasmiylari potentsial mahalliy oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi daʼvolarni rad etishmoqda. Gʻalaba rejasi hanuz oxiriga yetmagan boʻlsa-da, hozirda ishlar jadallik bilan borayotgani aytilmoqda.
Zelenskiy, shuningdek, Ukrainaning Rossiyaning Kursk viloyatiga yaqinda bostirib kirishi yirik gʻalaba rejasining bir qismi ekanligini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring