Uylarni ulush kiritish asosida qurish tartibi belgilandi
«Koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish chora-tadbirlari haqida» Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslar (ulushdorlar)ning mablagʻlarini jalb qilish faqat yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan va Ulush kiritish asosida qurish uchun mablagʻlarni jalb etuvchi quruvchilarning elektron roʻyxatiga kiritilgan quruvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Mablagʻlarni jalb qilish uchun quruvchi va ulushdor oʻrtasida shartnoma tuziladi va belgilangan tartibda hisobga qoʻyiladi.
Quruvchilar qurilish-montaj ishlarini oʻz kuchi bilan yoki qurilish-pudrat tashkilotlarini (bosh pudratchini) jalb qilgan holda amalga oshirishi mumkin. Bunda bosh pudratchi qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun ishlar (xizmatlar) qiymatining kamida 30 foizini oʻz kuchi bilan bajarish sharti bilan subpudrat tashkilotlarini jalb qilishi mumkin.
Qaror bilan Koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom talablari u amalga kiritilgunga qadar 2020-yilda qurilish-montaj ishlarini boshlash toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgan qurilish majmualariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Qaror bilan, shuningdek, Qurilish vazirligi markaziy apparatida Ulush kiritish asosida qurilish bozorini rivojlantirish boʻlimi tashkil etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring