Nima uchun vafot etgan fuqarolar toʻgʻrisidagi roʻyxatlar elektron tizimga qoʻyilmaydi? — dolzarb savollarga aniq javoblar qaytarildi

13:07 22 Avgust 2020 Jamiyat
1627 0

Bugun AOKA huzuridagi shtabda boʻlib oʻtgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Abdusamatova koronavirus infeksiyasi borasida aholi murojaati va savollari yuzasidan javob qaytardi.

Savol: Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganda doim oʻpka shikastlanadimi?

Javob: Koronavirus infeksiyasi turli shakllarda kechadi va doim ham oʻpkani shikastlamaydi.

Kasallik koʻp hollarda umuman simptomlarsiz kechadi, yaʼni test natijasi musbat boʻlsa-da, kishi hech qanday simptomlarni sezmaydi va bunday virus tashuvchisi tekshirilganda organizmda hech qanday oʻzgarish aniqlanmaydi.

Simptomlar mavjudligida kasallikning quyidagi shakllari ajratib koʻrsatiladi:

— yuqori nafas yoʻllari shikastlanishi bilan (rinit, faringit);

— quyi nafas yoʻllari shikastlanishi bilan (pnevmoniya).

Savol: Koronavirus bilan xastalangan homilador ayollarni kasalxonadan chiqarishda qanday koʻrsatkichlarga asoslanishadi?

Javob: —Klinik belgilarni turgʻun yaxshilanishi;

— uch kun davomida tana harorati normada boʻlganda;

— laborator koʻrsatkichlari normallashganda;

— nafas yetishmovchiligi belgilari yoʻqligi;

— kamida 24 soat oraliq bilan ketma-ket ikki marta PZR usulida COVID-19 test natijalari manfiy boʻlganda.

Shifokor koʻrsatmasiga koʻra rentgenografiya yoki KT tekshiruvi, tavsiya etilmasa tushishga hojat yoʻq.

Savol: Nima uchun vafot etgan fuqarolar toʻgʻrisidagi roʻyxatlar elektron tizimga qoʻyilmaydi? OAVda vafot etgan fuqaroning faqat bosh harfi va yoshi yoziladi. Bu haqidagi maʼlumotni qayerdan olsak boʻladi?

Javob: Maʼlumotlarni koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarni davolash bilan shugʻullanadigan muassasalarga murojaat qilib, ushbu maʼlumotning nima maqsadda soʻralayotganligini asoslab bersangiz shunga qarab munosabat bildiriladi.

Aslida kasallikka chalinganlarning shaxsi bilan bogʻliq maʼlumotlarning barchasi tibbiyot siri hisoblanib, ushbu maʼlumotlarni olish vakolatiga ega boʻlgan tashkilot vakili boʻlsangiz, u holda bu kabi muassasalarga yoki Sogʻliqni saqlash vazirligiga rasman murojaat qilishingiz mumkin.

Savol: Uy sharoitida COVID-19 infeksiyasini davolashning samarasi boʻlmasa bemor qayerga yuboriladi?

Javob: Uy sharoitida COVID-19 infeksiyasini davolashning samarasiz ekanligi aniqlanganda, davolovchi shifokor uni koʻrib kasallik kechishi holatiga qarab saralash va tashxislash markazlaridan biriga yoki ixtisoslashtirilgan statsionarlarga yoʻnaltiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер