Uchqoʻrgʻondagi maktabda urugʻ unishini tezlashtiruvchi qurilma yaratildi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Odatda meva, sabzavot va boshqa oʻsimliklar urugʻining nish otishi uchun maʼlum muddat talab qilinadi. Uchqoʻrgʻon tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda kashf etilgan texnologik qurilma yordami bilan esa har qanday urugʻni uzogʻi bilan 24 soat mobaynida undirish mumkin. Taʼlim dargohining texnologiya oʻqituvchisi Sojida Qobulova tomonidan oʻylab chiqilgan gʻoyani 7-sinf oʻquvchilari Nafisa Dilmurodova, Nurillo Nurmurodov hamda Muhammadaziz Mamajanov voqelikka aylantirdi.
Ular uch oy davomida yigʻib chiqqan murakkab qurilma vositasida paxta chigiti, turp, makkajoʻxori urugʻlari va atirgul qalamchasi muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Bunda barcha jarayonlar robotlashtirilgan tizim orqali boshqariladi. Dastlabki bosqichda tezkorlik bilan undirilgan nihollar maktabning oʻzidagi moʻjaz issiqxonada barq urib rivojlanmoqda.

— “Seed house” deb nomlangan innovatsion qurilmaning tajriba nusxasini davlat patent idorasidan roʻyxatdan oʻtkazish harakatiga kirishdik, — deydi maktab direktori Dilfuza Mirzayeva. — Bir paytning oʻzida uning kattalashtirilgan variantni yigʻish ishlari ham davom etyapti.
Ikki mingga yaqin sabzavot va oʻsimliklar urugʻining 99 foiz unib chiqishini taʼminlaydigan qurilmaga koʻpchilikda qiziqish katta. Uchqoʻrgʻon tumanidagi “Dilshodbek”, “Gulxumor” fermer xoʻjaliklari yosh izlanuvchilar bilan uning ishlab chiqarish nusxasini xarid qilish boʻyicha kelishuvga ham ulgurdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring