“U 10 – Oʻzbekistonning global ilgʻor universitetlari” dasturi joriy etiladi
“Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–58-son, 10.04.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, “U 10 – Oʻzbekistonning global ilgʻor universitetlari” dasturi joriy etiladi va uning doirasida oliy taʼlim tashkilotlariga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yoʻlga qoʻyiladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy klaster tashkil etish loyihasi boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovda gʻolib boʻlgan 10 ta oliy taʼlim tashkilotiga beriladi.
2027-yil 1-yanvardan oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga koʻra moliyaviy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Milliy reyting natijalariga koʻra, har bir toifa guruhiga mansub oliy taʼlim tashkilotlarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.
2027-yil 1-yanvardan davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida taʼlim olayotgan 1 nafar talabani oʻqitish xarajatlari miqdorini quyidagi koʻrsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:
— 1 nafar professor-oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha talabalar soni nisbati;
— taʼlim sohasi murakkabligi, shu jumladan, taʼlim yoʻnalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;
— taʼlim sohasi oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;
— oliy taʼlim tashkilotining maqomi va (yoki) toifasiga koʻra ilmiy tadqiqotga yoʻnaltirilganligi va boshqalar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring