Turkiyalik sarmoyadorlar Quvasoyda yirik tekstil majmuasi quradi
Foto: Халқ сўзи
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyat hokimligi qabullar uyida turkiyalik sarmoyadorlar Xasan Kachar, Zeynel Dogʻan, yirik tekstil sohasi eksperti Ilyas Sheyxan hamda ularning Fargʻonadagi hamkori Dilshod Mirzaakbarov bilan suhbatlashdi.
Muloqotda turkiyaliklar tomonidan Quvasoy shahrida loyiha qiymati 34,6 million dollar boʻlgan yirik yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish majmuasini qurish loyihasi oʻrganildi. Istiqbolli loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish uchun ikki tomonlama hamkorlik bosqichlari muhokama qilindi.
Shu yilning yakuniga qadar qurib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan korxonada turli matolar, sport kiyimlari, futbolkalar hamda ayollar liboslari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Korxona mahsulotlari yuz foiz xorijga eksport qilinishi koʻzda tutilmoqda.
Korxonaning ishga tushishi natijasida bir yarim mingdan ortiq doimiy ish oʻrini yaratiladi.
Turkiyalik tadbirkorlarning qayd etishicha, Oʻzbekiston keyingi yillarda tekstil sohasida katta yutuqlarga erishib, jahon bozorida oʻz oʻrnini mustahkamlamoqda. Bundan buyon sohada moda va dizayn, marketing, brendlar yaratish masalalariga chuqurroq eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Quvasoyda barpo etiladigan yangi yirik majmua ishida ayni shu masalalarga alohida yondashiladi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring