Bugun, 2-iyun kuni ertalab Turkiyaning Istanbul shahrida turar-joy binosi qulashi oqibatida bir kishi halok boʻldi, sakkiz kishi jarohatlandi. Bu haqda “Haberler” nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bino qulagandan soʻng bir kishi vayronalar ostidan oʻzi chiqib, qutqaruv guruhlariga ichkarida qolib ketganlar haqida xabar bergan.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, hodisa oqibatida 8 kishi jabrlangan, bir kishi halok boʻlgan. Istanbul gubernatori Dovut Gulning taʼkidlashicha, yaralanganlarning ikki nafari ogʻir ahvolda, ulardan biri 6 oylik chaqaloq (qiz) ekani aniqlangan.
Tuman munitsipaliteti guruhlari ehtiyot chorasi sifatida qulagan bino atrofidagi uchta binodagilarni evakuatsiya qilgan.
Voqea sabablari maʼlum qilinmagan, hozirda hodisa bilan bogʻliq sud va maʼmuriy jarayonlar davom etmoqda.
“Dastlabki tekshiruvlar chogʻida bino qurilishida dengiz qumidan foydalanilgani va keyingi bosqichlarda uning statik holatini buzuvchi aralashuvlar qilingani aniqlandi”, degan mamlakat Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim oʻzgarishi vaziri Mehmet Ojaseki.
Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda favqulodda holat sabablari aniqlanmoqda, mutaxassislar qutqaruv ishlarini yakunlagan. Rasmiylar tergovga rahbarlik qilish uchun uch nafar prokuror tayinlagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring