Turkiyada boʻlib turgan yoki ushbu mamlakatga borishni rejalashtirayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga muhim tavsiyalar berildi
Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Turkiyada boʻlib turgan yoki ushbu mamlakatga borishni rejalashtirayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga muhim tavsiyalar berdi.
"Hurmatli yurtdoshlar, joriy yilning cyentyabr oyida "Toshkent —Istanbul — Toshkent" yoʻnalishi boʻyicha muntazam reyslar tiklangandan soʻng, fuqarolarimizning turli xil maqsadlarda (biznes, davolanish, oʻqish, turizm va hk.) Turkiyaga kelishi sezilarli darajada oshdi.
Qayd etish kerakki, Oʻzbekistonga qaytayotganda 72 soatdan koʻp boʻlmagan muddatda topshirilgan PZR-test tahlili talab etiladi va baʼzi fuqarolarimizda ushbu testlarning natijasi ijobiy chiqayotgani aniqlanmoqda.
Turkiyadagi tegishli vazirlik va tashkilotlarning bayonlariga muvofiq “COVID-19” sugʻurtasiga ega chet el fuqarolari kasallanib qolganda davlat tashkilotlarida bepul davolanishlari mumkin. Shuningdek, kasallikni yengil oʻtkazayotgan turistlarning 10-14 kunlik karantin muddatini mehmonxona maxsus xonasida oʻtkazishlari va buning uchun ketgan xarajatlar ham sugʻurta hisobidan qoplanishi belgilangan.
Shu bilan birga, koronavirus tashuvchilari bilan bevosita muloqotda boʻlgan fuqarolarimizning ham mehmonxonalarda majburiy karantinda qolishlari majburiy boʻlgan holatlar kuzatilmoqda. Ammo bu vaziyatda fuqaro bevosita “COVID-19” bilan kasallanmagani sababli sugʻurta polislari mehmonxonada qolish xarajatlarini qoplashni nazarda tutmagan.
Shu munosabat bilan Turkiyaga turli maqsadlarda kelishni rejalashtirayotgan fuqarolarimizga quyidagilarni tavsiya qilamiz:
- “COVID-19” bilan ehtimoliy kasallanish xavfini inobatga olib, tibbiy sugʻurta polisini sotib olish;
- sugʻurta shartnomasiga “PZR testining natijasi salbiy boʻlishiga qaramay, sugʻurtalanuvchi “COVID-19” tashuvchisi bilan muloqotda boʻlganlik sababli majburiy karantinda qolishiga toʻgʻri kelsa, tegishli xarajatlarni qoplash” toʻgʻrisidagi bandni kiritish;
- sugʻurta agentligidan koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatida amalga oshiriladigan zarur harakatlar algoritmini bilib olish.
Oʻz navbatida, “COVID-19” bilan kasallanishning oldini olish maqsadida, shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan karantin choralari kuchaytirilgani munosabati bilan virusga qarshi gigiyenaga va ijtimoiy masofaga qatʼiy amal qilishingizni soʻrab qolamiz" deyiladi Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlumotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring