Turkiyada 22 yoshli oʻzbekistonlik ayol 4-qavatdan yiqildi

10:45 17 Mart 2026 Jamiyat
191 0

Foto: Istanbuldagi Bosh konsulxona

Turkiyaning Izmir shahrida 22 yoshli oʻzbekistonlik ayol oʻzi yashaydigan koʻp qavatli uyning toʻrtinchi qavatidan tushib ketdi. Bu haqda Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar bermoqda.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, asli Namangan viloyatidan boʻlgan 22 yoshli Sevdora Hakimjonova Izmir shahrida yashab kelayotgan vaqtida koʻp qavatli turar-joy binosining toʻrtinchi qavatidan tushib ketgan. Hozirda u davlat shifoxonasida davolanmoqda. Shifokorlar ayolning ahvoli ogʻir ekani qayd etgan.

Aniqlanishicha, Hakimjonova Turkiya fuqarosi boʻlgan shaxs bilan sharʼiy nikoh asosida yashab kelgan, ularning nikohi rasmiy tartibda qayd etilmagan. Maʼlumotlarga koʻra, nikoh marosimi Namangan viloyati Chust tumanida oʻtkazilgan.

Keyinchalik ular Turkiyaning Izmir shahriga kelib, kuyovning yaqin qarindoshlari bilan bir xonadonda yashab kelgan. Qayd etilishicha, Sevdora Hakimjonova va uning turmush oʻrtogʻi eshitish va nutqida nuqsoni boʻlgan shaxs hisoblanadi.

Mazkur hodisa yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlib, voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda. Toʻplangan materiallar tegishli tartibda prokuratura organlari tomonidan koʻrib chiqilmoqda.

Taʼkidlanishicha, vaziyat Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan. Fuqaroning sogʻligʻi holati hamda tergov jarayonlari yuzasidan Turkiya vakolatli idoralari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер