Turkiya Ararat togʻida harbiy baza qurmoqda — OAV
Foto: armenpress.am
Turkiya terrorizmga qarshi kurash uchun Armaniston bilan chegaradagi Ararat togʻida harbiy baza qurmoqda. Bu haqda turk OAVlariga tayanib, “Armenpress” agentligi xabar bermoqda.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, baza modulli dizaynga ega boʻlib, dengiz sathidan 2,1 ming metr balandlikda joylashadi.
U zamonaviy tungi koʻrish kuzatuv texnologiyalari va avtonom qurol tizimlari bilan jihozlanishi kutilmoqda.
1921-yilgi Moskva shartnomasiga binoan Ararat togʻi Turkiyaga oʻtdi. Togʻ etagidan Armaniston poytaxti Yerevangacha boʻlgan masofa 39 km.ni tashkil etadi.
Avvalroq, Turkiya Armanistonni havoda yuk tashish taqiqi bekor qilingani haqida rasman xabardor qilgani xabar qilingandi.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Vaan Hunanyan mamlakat uchinchi davlat fuqarolarining Armaniston va Turkiya oʻrtasidagi quruqlik chegarasini kesib oʻtish imkoniyatini taʼminlash boʻyicha kelishuvning amalga oshirilishini kutayotganini maʼlum qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring